Amudaryo tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tashkil etilganligi sohada muhim yuksalishlarga asos bo‘lmoqda. Klaster tizimi paxtani ekishdan to hosilidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona texnologik zanjirga birlashtiradi. Bunda ilm-fan, hamda ishlab chiqarish integratsiyasi chuqurlashadi, yangi innovatsion texnoloniyalarni amaliyotga joriy etishga qulay sharoit yaratiladi.
Paxtachilik-to‘qimachilik klasteri yer maydonlarida intensiv texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish orqali paxtachilikdan yuqori hosil olinib, fermer xo‘jaliklari iqtisodiyoti barqarorlashdi. Texnik ta’minoti yaxshilanib, qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari moddiy manfaatdorligi oshishiga asos bo‘lmoqda.
Ushbu paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tumanimiz fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan paxtani qayta ishlash uchun sobiq “Amudaryo paxta tozalash zavodi”ning bino va inshootlarini besh yil muddatda to‘lash sharti bilan sotib olib, o‘z tarkibiga qo‘shdi. Hozirgi kungacha mazkur zavodda tozalanib, chigitidan ajratilib, tola holiga keltirilgan paxtadan “Amudaryotex” xorijiy korxonasida kalava ip tayyorlanib, chigiti chetga sotilayotgan edi.
Ayni kunlarda klaster korxonada ushbu chigitlardan yog‘-moy ishlab chiqarish maqsadida 4 million 300 ming dollarlik loyihani ishga tushirish uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Loyihaga muvofiq zarur uskunalar, texnologiyalarni olib kelib o‘rnatish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Texnologiyalarni o‘rnatish ishlariga malakali mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ularning unumli ishlashlariga zarur sharoitlar yaratilgan. Loyiha qurilishi tugallansa, paxtachilik-to‘qimachilik klasterida paxtadan mahsulot ishlab chiqarish turlari yana bittaga ko‘payadi. Yiliga 10 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarish quvvatiga ega loyiha qurilishi tugallansa, bu yerda yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxona paxta-to‘qimachilik klasterida kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan rejalar talaygina. Xususan, 2024-2025 yillarda 5 million pogonometr kalava ip ishlab chiqarish, 2025-2026 yillarda ishlab chiqarilgan kalava iplarni to‘qimachilik mahsulotlariga aylantirish kabi loyihalar ham ko‘zda tutilgan. Ya’ni dehqonlarimiz yetishtirgan paxta hosili shu yerning o‘zida tozalanadi, tola ishlab chiqarilib, tola kalava ipga aylantirilib, to‘qimachilik mahsuloti, ya’ni gazlama ishlab chiqariladi. Natijada yana qo‘shimcha 2 ming ishchi o‘rin yaratiladi, mahsulot eksporti ko‘lami ham ortadi. Bu o‘z-o‘zidan ayonki, ushbu jarayonlarda ishtirok etadigan dehqonlar-u ishchilarning manfaatdorligi ortadi, turmushi yana ham farovon bo‘ladi.
Klaster korxonasining moddiy qo‘llab-quvvatlashi natijasida joriy yilda ham paxtadan mo‘l hosil yetishtirish uchun puxta zamin yaratildi, yerlar lazer uskunasi yordamida tekislanib, sug‘orilmoqda, ekish mavsumiga texnikalar ta’mirlanib tayyorlandi, paxtani zararli hasharotlardan, kasalliklardan va yovvoyi o‘tlardan biologik himoya qilish chora-tadbirlari olib borilmoqda.
Bu o‘z navbatida tumanimiz iqtisodiyoti yuksalishiga, xalqimiz turmushi sifati yaxshilanishiga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Oygul RAJABOVA.