Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk qilib voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’limning samarali shakllari va usullarini joriy etish maktabgacha ta’lim tashkilotlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Uzluksiz ta’limning bosh bo‘g‘ini hisoblanmish maktabgacha ta’lim tashkilotlarining asosiy vazifasi bolani sog‘lom, har tomonlama rivojlangan va erkin shaxs sifatida shakllantirish, bolalarning qobiliyatlarini aniqlab, rivojlantirish, ta’lim olishga bo‘lgan intilishini tarbiyalashdir.
Bunday ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham malakali pedagog va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlangan.
Yaqinda tumanning To‘lqin ovulidagi 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari” va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi, “Bolaning rivojlanish xaritasining yuritilish qoidalari” mavzusida o‘tkazilgan seminar-trening ham hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratildi.
Seminar-treningda tashkilot xodimlaridan tashqari ovul hududidagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari va pedagoglari ishtirok etdilar.
Tadbirda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, bolaning rivojlanish xaritasini yuritish tartibi haqida, shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv asosida ta’lim jarayonini rejalashtirish, tashkilotning oilalar va mahalliy jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligi yuzasidan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlash va metodik xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish sho‘’basi mudiri Nilufar Tojimurodova ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati samaradorligiga erishish borasida qabul qilinayotgan hukumatimiz, Prezidentimizning qarorlari, bundan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad uzluksiz ta’limning ilk bosqichi hisoblangan maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash ekanligiga keng to‘xtaldi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish va bunda har bir tarbiyalanuvchining faol ishtirok etishiga erishish lozimligiga e’tibor qaratdi, mashg‘ulotlar davomida bolalarga individual yondashuv ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqishiga asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Tadbirda 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi “Shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv asosida ta’lim jarayonini rejalashtirish” mavzusida tushuncha berdi va shu mavzuda nashr qilingan kitob taqdimotini o‘tkazdi. Seminar-treningda ishtirokchilarining bilimlari va ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘yin orqali ta’lim olish” mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Bunda ta’lim jarayonida bolalarga o‘yin orqali ta’lim berish, bolalar bilan o‘tkaziladigan o‘yin turlari, ularning maqsadlari va vazifalari keng tushuntirildi.
Shuningdek, tadbirda maktabgacha ta’limga doir boshqa qo‘llanmalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Seminar-treningda ishtirokchilar o‘zlarining faoliyatiga doir ko‘pgina bilimlarga ega bo‘ldilar.
Oygul RAJABOVA.