Mamlakatimizda imkoniyati cheklanganlarga ko‘maklashish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imkon darajasida foydali mehnatga jalb qilish, hayotimizning barcha jabhalarida faol ishtirokini ta’minlash va haq-huquqlarining ishonchli himoya qilish borasida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan tumanimizda istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga, ularning o‘z imkoniyatlari darajasida kasb-hunar bilan shug‘ullanishlariga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Nogironligi bo‘lgan yoshlarning o‘z bilimlarini oshirishlariga, kasb egallashlariga zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bo‘linma Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi ta’sis etgan grant tanlovlarida bir necha bor o‘z loyihalari bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi. Loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida o‘nlab imkoniyati cheklangan yoshlar zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirib, axborot-kommunikatsion texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Bo‘linma o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilingan “Yangi Renessans ishtirokchilari” grant tanlovida “Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘smirlar va yoshlarni intellektual mehnat faoliyatiga jalb qilish” nomli loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi. Ayni paytda loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Mang‘it shahridagi Amudaryo muhandislik texnikumi faollar zalida ushbu loyiha doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga tuman hokimligi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ullari, maktablarda induvidual ta’lim olayotgan o‘quvchilar va “Nogironlar” jamiyati tuman bo‘linmasi hisobida turuvchi jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar, tumanimizning ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari, tadbirkorlari ishtirok etdilar. Seminarda dastlab nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari Gulsara Jo‘llibekova so‘zga chiqib, seminar mazmun-mohiyati va undan kutilayotgan natijalar haqida gapirdi.
Shuningdek, Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi raisi Nilufar Xolboyeva loyiha doirasida jismoniy imkoniyati cheklanganlarning to‘laqonli ilm olishi, o‘z iqtidorini rivojlantirishi va namoyon etishi uchun amalga oshiriladigan ishlar xususida so‘zladi.
Shundan so‘ng tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Saburova va “Aziya Consult” o‘quv markazi mas’ullari so‘zga chiqib, yurtimizda, xususan tumanimizda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, bu borada O‘zbekiston Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi raisi Nilufar Xolboyevaning sa’y-harakatlariga yuqori baho berdilar.
Nogironligi bo‘lsa-da, o‘zini hech kimdan kam demay mehnat qilib kelayotgan, xizmatlari evaziga “Jasorat” medali bilan taqdirlangan Zulxumor Husanova va Ravshanbek Matmurodovlar yoshlarga o‘z hayotlari haqida gapirib berib, ulkan motivatsiya berdi.
Seminar ishtirokchilari ijodkor, ta’lim faxriylari Tursunboy Abdullayev, Ahmad Nafasovlarning she’rlarini zavq bilan tingladilar, tadbirkor Tursunboy Ahmedovning iliq so‘zlaridan, sovg‘a qilgan kitoblaridan xursand bo‘ldilar.
Oygul RAJABOVA.