DARYOBO‘YIDA NAVRO‘Z SHUKUHI

Туман янгиликлари

Navro‘z – necha asrlardan buyon xalqimiz ulkan shodiyonalar bilan nishonlaydigan, eng qadimiy, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimiz yaqqol namoyon bo‘ladigan qutlug‘ bayramdir. Sharq taqvimi bo‘yicha Yangi yil sanalmish bu kunning mazmuni, tarovati, fayzi o‘zgacha.

Bizning hududimizda haqiqiy ko‘klam Navro‘zdan boshlanadi. Tabiat uyg‘onib, chor-atrofning jonlanib, yashillikka burkanishi odamlar ko‘ngliga ko‘chadi. Ota-bobolarimizning “Navro‘zdan so‘ng, qish bo‘lmas” deganlari ham shundan.

Yurtdoshlarimiz joriy yilgi Navro‘z bayramini ham shod-u xurramlikda, ulkan tadoriklar bilan boshladi.

Daryobo‘yi mahallasida ham “Yurtimga xush kelding, Navro‘z!” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mahalla fuqarolar  yig‘ini mas’ullari hududdagi 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi, 65-sonli maktab, 32-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari bilan hamkorlikda tashkillashtirgan ushbu tadbirga o‘qituvchilar, o‘quvchilardan tashqari, yoshi  ulug‘ nuroniy otaxonlar, onaxonlar, elga xizmat qilib obro‘-e’tibor qozongan mehnat fidoyilari, intiluvchan va iqtidorli yoshlar ishtirok etdilar. Mehmonlar bahoriy taomlar, ko‘k somsa, sumalak, go‘ja, palovlar bilan siylandi va ko‘ngilochar tomoshalar namoyish qilindi. 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi iqtidorli o‘quvchilari, 32-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ijro etgan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bahorni, Navro‘zni sog‘ingan yurtdoshlarimizga cheksiz zavq-shavq bag‘ishladi.

Shunisi e’tiborliki, shu kuni fuqarolar yig‘ini raisi Mahmud To‘liboyev bir guruh faollar bilan birga hududdagi kam ta’minlangan oilalarga, shuningdek, keksayib, harakatlari cheklanib qolgan nuroniylarga Navro‘z bayrami munosabati bilan sovg‘a, oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.

Buningdek azaliy qadriyatlarimizning o‘z ifodasini topayotgani – Navro‘z shukuhi, quvonchi barcha yurtdoshlarimizning ham ko‘ngliga yetib borishiga xizmat qiladi.

Oygul RAJABOVA.