BAHOR – TOZALIK FASLIDA OBODONLASHTIRISH ISHLARI YANADA QIZG‘IN

Туман янгиликлари

Ko‘klam kirib kelishi bilan yurtimizda obodonlashtirish ishlari yanada qizg‘in tus oladi. Ayniqsa, Navro‘z bayrami arafasida atrof-muhitni tozalash, daraxtlarga shakl berish, ariqlarni qazib, suv keltirish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obod go‘shalarga aylantirish ishlariga alohida e’tibor berilayotgan ayni kunlarda tumanimizda ham Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar  yordamida mahallalar, ko‘chalar chiqindilardan tozalanib, daraxtlarning shoxlari butalmoqda. Yangidan ko‘chatlar o‘tqazilib, butalar oqlanmoqda. Ariq va anhorlar atroflari qazilmoqda. Katta ko‘chalarning chetlar, tekislanib, tartibli ko‘rinishga keltirilmoqda. Ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlarining yon-atrofi begona o‘tlardan to‘liq tozalanib, bir necha oydan buyon to‘planib turgan axlatlarni shahar hududidan chiqarib tashlash ishlari qizg‘in.

“Toza hudud” DUK tuman filiali ishchilari ham bu ishlarda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Korxonaga tegishli texnikalar haydovchilari G.Xudoyberganov, X.Nurullayev, F.Saparboyev, nazoratchi B.Davletova, M.Soatboyeva, yuklovchi H.Abdullayev, X.Yernazarov, M.Polvonovlar hududni toza saqlash, aholiga bahor kayfiyatini bag‘ishlash bo‘yicha o‘z zimmalaridagi vazifalarini a’lo darajada uddalashayotir.

Toza joyda toza havo, baraka bo‘ladi. Shu bois, tumanimiz aholisidan go‘zal bahor kunlarida atrof-muhit tozaligini saqlashga mas’uliyat bilan qarashini, har ikkala korxona ishchilari mehnatini qadrlagan holda o‘z mahallasi, ko‘chasi va turar joylari atrofini toza saqlashini so‘rab qolamiz.

O.O‘ROZALIYEVA,

Beruniy nomli mahalla faoli.