GULZOR MAHALLASIDA YANGI ZAMONAVIY SAVDO VA XIZMAT KO‘RSATISH SHOXOBCHASI ISHGA TUSHDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni va mavqei tobora oshib bormoqda. Tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mulkdorlar safi ortib, ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish barobarida aholi daromadlarini ko‘paytirish va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.

Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz ovul va mahalla, shaharcha fuqarolar yig‘inida hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, ular aholi bilan yaqindan tanishib, turmushi sifatini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish borasida ko‘pgina xayrli ishlarni amalga oshirayotganiga sazovor bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanida ish boshlagan hokim yordamchilari ham o‘z hududlari aholisi hayoti bilan yaqindan tanishib, xatlovdan o‘tkazib, zarur hollarda amaliy yordamlar bermoqdalar.

Yaqinda Mang‘it shahrining Gulzor mahallasida tadbirkor Rasul Yangiboyev loyiha qiymati 2 milliard so‘mlik yangi, zamonaviy, uch qavatli savdo va aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ishga tushirdi. Bu mablag‘ning 1 milliard so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i, 1 milliard so‘m esa mahalladagi hokim yordamchisi Akbar Rajabov tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida olingan imtiyozli bank kreditidir. Ushbu binoda “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida hokim yordamchisi tavsiyanomasiga ko‘ra 33 million so‘m imtiyozli kredit olgan yana bir ayol Muyassar Abdullayeva tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Shoxobcha ishga tushirilishi natijasida bu yerda 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Mahalla fuqarolari orasida hokim yordamchisining yordami bilan banklarning imtiyozli krediti hisobiga tadbirkorlik faoliyatini boshlagan, oilasi iqtisodini yuksaltirishga intilayotganlar ko‘p. Kam ta’minlangan oila ro‘yxatida turgan Jo‘rabek Sobirboyev, Sanobar Qo‘chqorov, Botir Sa’dullayevlar 33 million so‘mlik bank krediti hisobiga o‘z oilalarida nasldor qo‘ylar parvarishlashni boshlashdi. Ozoda Habiyeva, Feruza Matkarimova, Madina Boltaboyevalar esa kredit mablag‘lari hisobiga zamonaviy tikuv mashinalari sotib olib tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi.

Joriy yil boshidan mahalladagi kam ta’minlangan oilalarning 4 tasiga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berildi. Natijada 22 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanib, doimiy daromadga ega bo‘ldilar, 18 nafar ishsiz fuqarolar o‘z-o‘zini band qilishga erishdilar.

Shuningdek, “Mangit city” mas’uliyati cheklangan jamiyati 225 million so‘m imtiyozli bank krediti hisobiga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga yangi zamonaviy uskunalar sotib olib, o‘z faoliyatini kengaytirdi.

Amalga oshirilayotgan buningdek sa’y-harakatlar yurtdoshlarimiz turmushi sifati oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Oygul RAJABOVA.