EKSTЕRRITORIAL TAMOYIL – DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATISHDAGI MUHIM QULAYLIKDIR

Туман янгиликлари

Eksterritorial tamoyil fuqarolar, ayniqsa, tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik hisoblanadi. Ushbu tamoyilga o‘tish jarayonlari 2019 yilda boshlangan bo‘lib, shu yilning o‘zidayoq ushbu tamoyil asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish boshlandi.

Eksterritorial tamoyili – bu fuqarolar doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan, ya’ni joylashgan yeridan qat’iy nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyati hisoblanadi.

Prezidentimizning 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yana qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi kelgusida fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni sifat jihatdan yaxshilashga va osonlashtirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, undan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar ortiqcha qog‘ozbozlik, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim bo‘lmagan hujjatlarni talab qilish, ovoragarchilik va sansalorliklarga chek qo‘yish bo‘ldi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 iyunidan e’tiboran fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’iy nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.

Notarial xizmatlarni amalga oshirish jarayonida ham fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralari tomonidan davlat xizmatlari agentligi yoxud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga murojaat qilmasdan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab etmasdan, maxsus elektron axborot tizimi orqali olinadi.

Farmonning 9-bandida 2021 yil 1 iyunidan e’tiboran fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilindi. Bunda davlat statistika organlari “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga o‘zlarining elektron tizimlarini integratsiya qilgan holda ushbu ma’lumotlarni real vaqt rejimida oladi va statistik ma’lumotlarni shakllantiradi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatining yangi tashkiliy-huquqiy taomillari fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning elektron xizmatlardan samarali foydalanishlarini rag‘batlantirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga idoralararo integratsiyani kuchaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Amudaryo tumanida ham yuqoridagi kabi hujjatlarni eksterritorial tamoyil asosida va qayd qildirish xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi aholi manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Umida ASHIRBOYEVA, Amudaryo tumani FHDYO bo‘limi inspektori.