Mas’ullar Choyko‘l ovulida hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash orqali ularning daromadi va turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami nihoyatda kengaymoqda.

Xususan, Amudaryo tumanida ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlari doirasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu borada mahallalarda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilarining xizmatlari alohida e’tiborga loyiq.

Yaqinda Amudaryo tumanining Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, hamda bandligi ta’minlangan aholi bilan suhbatlashish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi deputati, Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini raisi Yaxshimurod Axmedov, Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyat mudiri Mansur O‘razboev, O‘zbekiston-liberal demokratik partiyasi tuman Kengashi apparat rahbari Madamin Kazakovlar ishtirok etishdi.

Mas’ullar dastlab, Choyko‘l ovulining hokim yordamchisi Rustam Rahimovning tashabbusi bilan imtiyozli kredit evaziga motokultivatorlar olib berilgan 4 nafar fuqarolar bilan suhbatlashishdi.

Uchrashuv davomida fuqarolardan Hursand Erkayev, Madrim Kamolov, Ilhom Abdullayev, G‘ulom Do‘stchanovlar ushbu texnika vositasi orqali mahalladoshlariga beminnat xizmat ko‘rsatibgina qolmasdan, qo‘shimcha daromad manbaiga ham ega bo‘layotganligidan mamnun ekanligini bildirishdi.

Shundan so‘ng, mas’ullar ovul hududidagi Qoraqipchoq aholi punktiga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida o‘z tomorqasida issiqxona bunyod etib, mahalladoshlarini havfsiz va arzon poliz maxsulotlari bilan ta’minlashni niyat qilgan Mahmud Norboyev, Rustam Bobojanovlar bilan suhbatlashib issiqxonani yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini berishdi.

Bundan tashqari mas’ullar, No‘g‘ay Eshon aholi punktida istiqomat qiluvchi chorvachilikning yetakchi sohalaridan biri − qoramolchilik bilan shug‘ullanib, tumanimiz aholisini go‘sht, sut mahsulotlari bilan ta’minlayotgan Otabek Fayzullayevning xonadonida bo‘lishdi.

Mas’ullar Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, tadbirkorga huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berdilar.

Otabek Fayzullayev bugungi kunda 50 bosh naslli qoramollar boqib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan birga mahalladoshlarining bandligi ta’minlanishiga ham hissa qo‘shmoqda.

Mamlakatimizda tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan ushbu imkoniyatlar doirasida ko‘plab fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga erishilmoqda.

Muxtasar aytganda tumanda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor o‘z navbatida aholi bandligini ta’minlashga, ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga, pirovardida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati