“YOSH ChЕGARACHI” MUSOBAQASINING TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Tinch-osoyishta hayot tarzi biz bilan bir davrda yashayotgan necha-necha millionlab insonlarning orzusi, desak adashmaymiz. To‘yib ovqat yeyishga imkoni yo‘q, yupun, boshpanasiz odamlar, yomg‘irday yog‘ilayotgan o‘qlardan, portlashlardan dahshat ichida yashayotganlar, biror kuni osoyishta kechmayotganlar juda ko‘p. Shularni o‘ylaganimizda  barcha yurtdoshlarimiz o‘z oilasi bag‘rida emin-erkin, baxtiyor, farovon yashayotganidan, oilalar obodligi zamirida yurtimiz obodligi, tinch-osoyishtaligidan ko‘ngilimiz tog‘day ko‘tariladi, ertagi kunga ishonchimiz yanada mustahkamlanadi. Shu barobarida chor-atrofga teran nazar tashlash, hushyor va ogoh bo‘lish lozimligini anglaymiz. Dunyoni qaysiki, burchagida urush-nizolar, buzg‘unchiliklar, yovuz niyatli kuchlar mavjud ekan, ulardan shu aziz Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, himoya qilish mas’uliyati zimmamizda bo‘ladi.

Buning uchun millati, tilidan qat’iy nazar, o‘sib kelayotgan yosh avlod ko‘ngliga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish, ularni shu aziz Vatanimizning koriga yaraydigan, himoya qila oladigan haqiqiy mard, jasur qilib voyaga yetkazish muhim vazifa. Shu maqsadda tuman xalq ta’limi bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman Tibbiyot birlashmasi va Mudofaa bo‘limi hamkorlikda ko‘pgina sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Yaqinda ushbu tashkilotlar tumanimizdagi davlat xavfsizlik xizmatiga qarashli 92-02 harbiy qism xizmatchilari bilan birgalikda yoshlar qalbida ona yurtiga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularni chegara xizmatiga qiziqishlarini kuchaytirish, chegara qo‘shinlarining shonli va jangovar an’analarining davomchilari etib tarbiyalash maqsadida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yosh chegarachi” musobaqasining tuman bosqichini o‘tkazdi.

Musobaqada Amudaryo tumanidagi maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilardan  tuzilgan 5 ta jamoa ishtirok  etdi. Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanida milliy Armiyamiz haqida, Vatanimiz mudofaa qudrati haqida bilimlarga ega bo‘lgan yoshlar shu kuni o‘zaro kuch minashdilar.

Aytish kerakki, jamoalarning barchasi harbiy bilimlarni puxta egallagan, qurol-aslahalarni bo‘laklarga ajratish va yig‘ish ko‘nikmalariga ega, yurtimiz sarhadlarini qo‘riqlashni o‘zlarining  burchi deb hisoblaydigan vatanparvar yigitlardan tashkil topgan. Bu jamoalar ushbu  musobaqaning maktablararo va hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lib, tuman bosqichida qatnashish imkonini qo‘lga kiritishgan edi.

30 mart kuni bo‘lib o‘tgan “Yosh chegarachilar” musobaqasida ishtirokchilar o‘zlarining jamoasi taqdimoti, safda to‘g‘ri yurish, belgilangan masofaga yugurish, jangovar qurollarni qismlarga ajratish kabi shartlar bo‘yicha bellashdilar.

Qolaversa, ishtirokchilar yaralangan safdoshiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham bellashib, o‘zlarining epchil, chaqqon va boshlang‘ich harbiy bilimga ega ekanliklarini namoyish etdilar.

Ularning tanlov shartlarini qanday bajarganliklari hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholab borildi.

Natijalarga ko‘ra, 6-sonli maktabning “Burgutlar” jamoasi birinchi, 45-sonli maktabning “Lochin” jamoasi ikkinchi, 48-sonli maktabning “Milliy gvardiya” jamoasi esa uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.

O.RAJABOVA.