Qipchoq ponton ko‘prigida Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasiga bag‘ishlangan maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Туман янгиликлари

2022 yil 11 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi va hududlarni favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish bo‘yicha 2021 yilda bajarilgan ishlar va 2022 yildagi asosiy vazifalar to‘g‘risida”gi 1-sonli buyrug‘i qabul qilingan edi. Mazkur buyruqqa asosan 31 mart kuni Amudaryo tumanida joylashgan Qipchoq ponton ko‘prigida «Ob’ektda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasi tuzilmasi va ob’ekt rahbariyatining harakatlari» mavzusida maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotiga, Qipchoq ponton ko‘prigi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari mas’ullari hamda ob’ektning o‘quv mashg‘ulotlari mavzusiga aloqador mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

O‘quv mashg‘ulotini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda ob’ekt rahbariyati tarkibi hamda fuqaro muhofazasi shaxsiy tarkibining to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish, boshqaruv organi va fuqaro muhofazasi shaxsiy tarkibining kechiktirib bo‘lmaydigan falokat va qutqaruv ishlariga tayyorgarligini kuchaytirishdan iborat. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda fuqaro muhofazasi shaxsiy tarkibining o‘z majburiyatlarini aniq va to‘g‘ri bajarishini amaliyotda sinash va o‘rganish, tuman fuqaro muhofazasi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish ham shular jumlasidandir.

O‘quv mashg‘ulotlari 2 bosqichda olib borildi. 1-bosqichda toifalangan Qipchoq ponton ko‘prigida o‘quv mashg‘ulotining nazariy qismi hamda saf ko‘rigi ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmasi va tuman favqulodda vaziyatlar davlat quyi tuzilmasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazildi.

Qat’iy intizom va belgilangan qonun-qoidalar asosida o‘tkazilgan taktik-o‘quv mashg‘ulotlarining 2-bosqichida ob’ektda halokatli hodisalar sodir bo‘lganda harakatlar rejasi ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan, favqulodda holat sodir bo‘lib, elektr toki urganda jabrlanganlarga yordam berish, tuman Yong‘in-qutqaruv qismlarining hamda Tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining jabrlanganlarni qutqarishi va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi tekshiruvdan o‘tkazildi.

Shuningdek, yong‘in o‘chirish vositalari bilan falokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha taktik mashqlar ham olib borildi. Mazkur bosqich bo‘yicha taktik-o‘quv mashg‘ulotlariga Qipchoq ponton ko‘prigi rahbariyati tarkibi va ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmasidan 15 nafar, Milliy gvardiya xodimlaridan 10 nafar xodim va 1 ta texnika, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limidan 11 nafar xodim va 2 ta maxsus texnika jalb etildi. Qolaversa, tez tibbiy yordam xizmatidan 3 nafar xodim va 1 ta maxsus texnika, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limidan 8 nafar xodim va 1 ta maxsus texnika ishtirok etdi.

Bundan tashqari, tuman elektr tarmoqlari korxonasidan 5 nafar xodim va 1 ta texnika, “Hududgaz” tarmog‘idan 5 nafar xodim va 1 ta texnika, Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligidan 3 nafar xodim, “Toza hudud” korxonasidan 2 nafar xodim va 1 ta maxsus texnika, Telekommunikatsiya tarmog‘idan 4 nafar xodim va 1 ta texnika, jami 72 nafar xodim va 8 ta texnikalar jalb qilindi.

Taktik-o‘quv mashg‘ulotlari yakunida Qipchoq ponton ko‘prigi rahbariyati tarkibi va fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibi favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga «Cheklangan tayyor» deb baholandi.

Shuningdek, maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti kuzatuvchilari tomonidan ishtirokchilarning kamchiliklari ko‘rsatilib, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklari to‘g‘risida zarur tavsiyalar ham berildi.

G‘.O‘ralov, Amudaryo tumani FVB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik.