Mang‘itda boks bo‘yicha ochiq turnir o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Boks dunyoda hamma davrlar sporti, deya e’tirof etiladi. Ushbu sport turi turli davrlarda turlicha ko‘rinishda rivojlangan va davrlar osha bugungi kundagidek raundlarga ajratilgan holda, ular orasida tanaffuslar vaqti belgilangan va qo‘llar jarohatlardan maxsus himoya qilingan va yumshoq qo‘lqop kiygan holda  kurashish qabul qilingan. Shuningdek, sportchilar vazn toifalariga ajratilishi boksning yanada ommalashishiga olib kelgan.

O‘zbekistonda boks yoshlarning eng sevimli, an’anaviy sport turlaridan hisoblanadi. Ayniqsa keyingi yillarda ushbu sport turi yanada ommalashdi. Mamlakatimizning  barcha hududlarida boks maktablari faoliyat yuritib kelmoqda. Natijada boks bo‘yicha ko‘plab olimpiada, jahon chempionati g‘oliblari va sovrindorlari yetishib chiqdi. Boks bo‘yicha mamlakatimiz yetakchi o‘rinlardan birida turadi.

Tumanimizdan O‘zbekiston chempionati, nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari yetishib chiqqanligi bilan amudaryoliklar ham haqli ravishda faxrlanadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlab, 2005-2006, 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi boks federatsiyasi sovrini uchun ochiq turnir aynan Mang‘itda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas.

31 mart kuni Amudaryo tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabining Chordara mahallasida joylashgan bazasida ushbu nufuzli musobaqaning ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Baza yonidagi mini futbol maydonchasida ochiq turnirga kuch sinashish uchun yetib kelgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari, Xorazm viloyatining Urganch shahri iqtidorli va kuchli bokschilari saf tortdi. Tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabida to‘garaklarida shug‘ullanayotgan yosh sportchilar turli sport o‘yinlarini musiqa sadolari ostida namoyish etib, mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi.

Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi boks federatsiyasi rahbari Ahmad Saylanov ochdi va barcha ishtirokchilarni o‘zlarining salohiyatini namoyish etishlari uchun imkon yaratgan ochiq turnir bilan qizg‘in qutladi va ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi. Tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodov, ochiq turnir bosh hakami, xalqaro toifadagi hakam Ahmad Fozilovlar ham yosh sportchilarni ushbu tadbir bilan qutlab, ringda o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun halol va sidqidildan bellashishga chorladi.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng ochiq turnirning ilk bellashuvlariga start berildi. Musobaqa shu yilning 31 martidan 3 aprelgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ochiq turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlaridan va Xorazm viloyatining Urganch shahridan jami 155 nafar yosh bokschilar 23 ta vazn toifasida ishtirok etmoqda. 3 aprel kuni final janglari o‘tkaziladi va g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanadi.

Ushbu nufuzli bellashuvda ishtirok etayotgan yosh bokschilarga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Oygul RAJABOVA.