HUDUDLARDA JINOYATCHILIK VA HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLISHGA QARATILGAN NAZORAT TADBIRLARI O‘TKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

Mahalla – osuda xonadonim, oltin ostonam, deb bejiz aytishmagan. Chunki mahalla hududidagi barqaror turmush tarzi, oilalarning mustahkamligi, mahalla ahlining o‘zaro mehr-oqibati, intizomi nafaqat ko‘ngillarga, balki har bir xonadonga fayz-tarovat, osudalik bag‘ishlaydi. Shu bois, mamlakatimizda har bitta xonadonning, har bir fuqaroning tinchligini, mahallalar osoyishtaligini saqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Deyarli har bir ovul va mahallada faoliyat olib boruvchi profilaktika inspektorlari xalq osoyishtaligini saqlash borasida kecha-yu kunduz aniq va puxta reja asosida ish yuritadilar.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 30 mart sanasidagi farmoyishi ham ovul va mahallalarda, jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumani hududida, ya’ni jamoat joylarida, serqatnov ko‘chalar hamda ta’lim-tarbiya muassasalari joylashgan hududlarda mayda bezorilik, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Nazorat tadbiri Amudaryo tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov hamda Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganovlar rahbarligida tashkil etilib, tadbirga tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari, qo‘riqlash bo‘limi hamda ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib boruvchi yoshlar yetakchilari jalb etildi.

Avvalo, tadbir ishtirokchilari Amudaryo tuman prokurori va Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i hamkorligida ishlab chiqilgan nazorat tadbirini o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishtirilib, ularga zarur tushuncha va tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng, nazorat tadbiri ishtirokchilari Amudaryo tumanining to‘rtta  hududi bo‘ylab, o‘zlariga birkitilgan yo‘nalishlar bo‘yicha  jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kuzatuv-nazorat ishlarini boshlab yubordilar.

Olib borilgan kuzatuv-nazorat tadbirlari jarayonida ko‘chalarda bemaqsad, spirtli ichimlik ichib, o‘ziga va atrofidagilarga noqulaylik tug‘dirib yurgan 4 nafar fuqarolar qonuniy tartibda Ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib, ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Bemahalda, spirtli ichimlik ichib yurish o‘zlari va oila a’zolari uchun, hatto begonalar uchun ham jiddiy muammolar keltirish, xususida tushunchalar berildi.

Shuningdek, kuzatuv-nazorat tadbirlari jarayonida spirtli ichimlik ta’sirida mast bo‘lib, avtotransport vositasini boshqarib borayotgan yana bir fuqaro to‘xtatilib, sodir bo‘lish ehtimoli yuqori  bo‘lgan yo‘l avtotransport hodisasining oldi olindi va mast holatda mashina boshqargan shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uning tasarrufidagi avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Amudaryo tumanida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda tegishli davlat organlari va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda har bir ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida doimiy ravishda profilaktik targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, mazkur tadbirlarda o‘quvchi-yoshlar, keksa yoshdagi otaxon va onaxonlar, yosh ota-onalarning faol ishtiroki ta’minlanmoqda. Chunki jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni muhokama etishdan ko‘ra, bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy shakldagi tadbirlar muhim ahamiyatga ega.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.