Tumanimizda chigit ekish ishlari boshlab yuborildi

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda yurtimiz bobodehqonlari quyosh nurlarining tafti zamin uzra taralayotgan iliq kunlarda, yerning tobida yetilganidan foydalanib, daladagi ishlarini hamjihatlikda, tezkorlik bilan olib borishmoqda.

Yerdan mo‘l va sifatli hosil yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, maromiga yetkazib bajarish, mavjud resurslar, mineral va mahalliy o‘g‘itlar hamda suvdan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, aprel oyi paxtakorlarimiz uchun chigit ekish va to‘liq ko‘chat olishdek mas’uliyatli tadbirlari bilan g‘animat davr sanaladi. Shu maqsadda ayni kunlarda barcha fermer xo‘jaliklari bahorning iliq kunlaridan unumli foydalangan holda ekish ishlariga kirishmoqdalar.

Bu borada oldinda turgan muhim vazifalar va joriy qishloq xo‘jaligi yilining o‘ziga xos jihatlari haqida dehqon va fermerlarga tushunchalar berish maqsadida 1 aprel kuni Amudaryo tumanida ko‘rgazmali seminar tashkil qilindi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi raisining 1-o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazilar Kengashi Raisining o‘rinbosari Daryabay Qaypov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Farhod Allamberganov, shuningdek, sohaga aloqador vazirlik va muassasalar mas’ullari ishtirok etdi.

Mehmonlar tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektor rahbarlari hamda qishloq xo‘jaligi mas’ullari hamrohligida tumanimizning Tosh yop ovuli hududida joylashgan “Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligida bo‘lib, chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminarda qatnashishdi.

Seminar avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev chigit ekish ishlarini qisqa muddatlarda va uyushqoqlik bilan yakunlash, chigitni maqbul muddatlarda, tez va sifatli ekib, tekis nihol olishga erishish – mo‘l hosil yetishtirishning garovi ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, chigit belgilangan muddatlarda ekilsa, ertagi, bir tekis va sog‘lom ko‘chat olinadi. Bunga urug‘ yumshoq, nam va harorati yetarli bo‘lgan tuproqqa qadalgan paytdagina erishiladi.

Shuningdek, seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining 1-o‘rinbosari Shuhrat Teshayev tomonidan qishloq xo‘jaligi mutaxassislariga chigit ekishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim jihatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar chigit ekish ishlarini qisqa muddatlarda va sifatli yakunlash, ekin moslamalarini rostlash, yerni ekishga tayyorlash kabi muhim masalalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berdilar.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, tumanda 2022 yil paxta hosili uchun 352 ta fermer xo‘jaliklarining 13 ming 900 gektar maydoniga chigit ekiladi. Urug‘lik chigitlari fermer xo‘jaliklarga 16 ta chigit tarqatish shaxobchalari tomonidan yetkazib beriladi. Tuman bo‘yicha chigit ekish uchun 37 mlrd 421 mln. so‘mlik moddiy resurslar zarur bo‘lib, bu xarajatlar to‘liq moliyalashtirilgan.

Seminarning nazariy qismi yakunlangach, mehmonlar va nuroniy otaxonlar ishtirokida “Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligining dalasiga chigit sochildi. Dalada chigit ekish amaliyoti namoyish qilinib, bu borada muhim tavsiyalar berildi.

Ushbu fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 139,4 gektar bo‘lib shundan 61 gektariga chigitning “Sulton” navi ekiladi. Joriy yilning kuzida ushbu fermer xo‘jaligi rahbariyati 214 tonna paxta hom-ashyosini yetishtirishni maqsad qilgan.

Seminar davomida so‘zga chiqqanlar g‘o‘za navlari olimlar belgilab bergan agrotexnik talablar darajasida ekilib, parvarishlansa hamda ma’danli va mahalliy o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirib borilsa, albatta kutilgan natijalarga erishilishini ta’kidladi.

Aytish joizki, paxtadan yuksak xirmon bunyod etish orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi bilan birga, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga va ishchilarning moddiy manfaatdorligi oshishiga zamin yaratiladi.

Tuman hokimligning Axborot xizmati