Qilichboy ovulida Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, turmush sifati va farovonligini oshirish uchun  avvalo, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda xalq bilan ochiq muloqotlar olib borilib, insonlar huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib  sharoitlar yaratilayotir. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan xalq bilan ochiq muloqotlar, o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va xalq hayotini xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlar mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida muhim vosita bo‘lmoqda.

Aholining turli qatlamlari bilan muloqot qilish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan tezkor va aniq choralar ko‘rish maqsadida 1 aprel kuni Amudaryo tumanining Qilichboy Madaniyat markazida sayyor qabul o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil uchun belgilangan ish rejasiga muvofiq Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Rustam Safarboyev boshchiligida o‘tkazilgan sayyor qabulda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, respublika darajasidagi tashkilotlar va korxonalar vakillari, tuman Xalq qabul xonasi mudiri Erkin Rajabov, sektorlar rahbarlari, tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan banklar filiallari, korxona-tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Sayyor qabulda dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rustam Safarboyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarni rivojlantirish va aholi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida qilinayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Birgina Amudaryo tumanining o‘zida joriy 2022 yilda jami 343,2 mlrd. so‘mlik 81 ta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Aholining bandlik darajasini oshirish maqsadida 6972 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Buning uchun umumiy qiymati 68,7 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Kichik biznes sub’ektlari sonini hozirgidan 3 barobarga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2022 yilda yangidan 645 ta tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda “To‘lqin” ovuli va “Ayoqchi” ahallasida 27,3 mlrd. so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari bajariladi.

Prezidentimizning qarori asosida joriy yilda fermer xo‘jaliklarining paxta va g‘alladan qisqartirilgan 897 gektar maydonlarini 3 ming 588 ta dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun aholiga berish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.

Sayyor qabul davomida 20 nafardan ziyod fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar bilan murojaatlar qildilar. Murojaatlarning asosiy qismi banklardan kreditlar olish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, oqar suv ta’minotini hamda kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash masalalarida bo‘ldi.

Sayyor qabulda aholining ko‘pgina muammolari shu yerning o‘zida hal etildi, ayrimlarini hal qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Hudud faollari tomonidan bildirilgan yo‘l bo‘ylaridagi simyog‘ochlarga tungi yoritgichlar o‘rnatish taklifi yaqin kunlarda amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Davlat idoralarining xalq bilan muloqot qilib, ularning muammolarini hal qilish, dard-u tashvishlarini tinglash bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu kabi sayyor qabullar xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Oygul RAJABOVA.