To‘lqin ovuli obod qishloqqa aylanadi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining o‘tgan 2021 yilga mo‘ljallangan Parlamentga Murojaatnomasida mamlakatimiz aholisining demografik o‘zgarishlari va ehtiyojlarini inobatga olgan holda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishga katta e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini 2022-2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilgi davlat dasturiga Respublikamiz bo‘ylab 323 ta qishloq, 90 ta mahalla kiritildi.

Jumladan, Amudaryo tumanidagi “To‘lqin” ovuli va “Ayoqchi” mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan bo‘lib, ushbu hududlarda jami 20 mlrd. co‘mdan ortiq qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

2 aprel kuni To‘lqin ovulida “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarning boshlanishi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar rahbarlari, korxona va tashkilotlar mas’ullari hamda ovul faollari ishtirok etdi.

Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev miqyosi va mazmun jihatidan nihoyatda keng ko‘lamga ega bo‘lgan “Obod qishloq” dasturi tufayli aholining yashash sharoiti tubdan yaxshilanayotganini ta’kidladi.

Joriy yilda dastur doirasida To‘lqin ovulida ham keng ko‘lamli qurilishi va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Tuman hokimining o‘rinbosari Nodirbek Kamolov yig‘ilganlarga To‘lqin ovulida dastur doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan keng turda ma’lumotlar berdi.

Taqdimotda keltirilishicha, ovul hududidagi 24-sonli Maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ta’mirlash ishlariga 1 mlrd 200 mln. so‘m mablag‘ ajratiladi. Bundan tashqari, 4 kilometrdan ziyod uzunlikdagi gaz quvurlari, 19 ta gaz taqsimlash punktlari ta’mirlanib, mazkur ishlarga salkam 7 yarim mln. so‘m pul mablag‘lari sarflanadi.

Undan tashqari, ovulning ichimlik suvi tanqis bo‘lgan hududlariga ichimlik suvi tarmoqlarini tortiladi. Shuningdek, eskirib qolgan yaroqsiz simyog‘ochlar o‘rniga yangi simyog‘ochlar o‘rnatiladi. Qolaversa, ichki yo‘llarda ham ta’mirlash ishlari olib boriladi. Dastur bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalarga kerakli kuch-vositalar, shuningdek zarur texnikalar to‘liq jalb etiladi.

Taqdimot nihoyasiga yetgach, tuman hokimi, hokim o‘rinbosarlari va tegishli tashkilot mas’ullari “Yashil makon” aksiyasi doirasida To‘lqin ovul fuqarolar yig‘ini binosi oldida barpo etilayotgan yashil maydonga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Ovul nuroniylari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan To‘lqin ovulining yanada obod va ko‘rkam bo‘lishida ekilgan har bir nihol katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Bugun yurtimizda, xususan tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholining farovon turmush kechirishi uchun munosib sharoitlar yaratishdan iborat.  Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, odamlar yurtimizda kechayotgan islohotlarni yaqin kelajakda emas, bugun real hayotida his etib yashashlari darkordir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati