AMUDARYODA O‘TKAZILGAN BOKS BO‘YICHA OCHIQ TURNIR G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI

Туман янгиликлари

Har yili yurtimizda 9 aprel sanasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan hududlarda turli tadbirlar, sport musobaqalari, uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Amudaryo tumanida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlab, Respublika Boks federatsiyasining sovrini uchun ochiq turnirga start berilgan edi. Shu yil 31 martidan 3 aprelgacha davom etgan bellashuvlarda 2005-2006, 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘zaro kuch sinashib, o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

3 aprel kuni ochiq turnir g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Marosimda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tajimurodov, turizm va sport bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyev, boks federatsiyasi birinchi o‘rinbosari Jasur Nurimbetov, ijrochi direktori Murad Kuanboyev hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.

Katta boks bayramiga aylanib ketgan marosimda so‘zga chiqqanlar musobaqalar do‘stona ruhda o‘tganligini ta’kidlab, yoshlar orasidan mahoratli, iste’dodli sportchilar yetishib chiqayotganligi, buning uchun yurtimizning barcha hududlaridagi sport maskanlarida yetarli sharoitlar yaratilganligi va boshqalar to‘g‘risida keng to‘xtaldilar. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan musobaqalarda ishtirok etgan yosh sportchilar kuch-g‘ayrati, shijoatini, g‘alabaga bo‘lgan ishonchini namoyon etishganini e’tirof etdilar.

Ta’kidlanganidek, tumandagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabining Chordara mahallasida joylashgan bazasi yonidagi mini futbol maydonchasida o‘rnatilgan ringda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari, Xorazm viloyatining Urganch shahri iqtidorli va kuchli bokschilari ishtirok etdilar. Shuningdek, tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabidagi boks to‘garaklarida shug‘ullanayotgan yosh sportchilar ham boks musobaqalarida qatnashib, o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar.

Ochiq turnir bellashuvlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlaridan va Xorazm viloyatining Urganch shahridan jami 155 nafar yosh bokschilar 23 ta vazn toifasida ishtirok etdilar. Musobaqaning yakuniy bosqichi ya’ni, final janglaridan so‘ng, hakamlar hay’ati tomonidan g‘oliblar aniqlandi.

Bellashuvlarda kuch sinashgan amudaryolik yosh charm qo‘lqop ustalari ham o‘z vazn toifalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritishga musharraf bo‘ldilar. Ulardan Og‘abek Karimboyev 37 kg. vazn toifasida, Aziz Nurimov 46 kg. vazn, Bahriddin Qurbiyazov 58 kg. vazn, Javlonbek Jumamurodov 54 kg. vazn, Umid Davletov 57 kg. vazn, Baxt Soburov 60 kg. vazn, Bunyod Ilhomov 63,5 kg. vazn, Komron Qo‘shmonov 67 kg. vazn toifalarida 1-o‘rin g‘oliblari bo‘ldilar.

Taqdirlash marosimida ochiq turnir g‘oliblari medallar, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, yosh sportchilar Javlonbek Jumamurodovga “Eng yaxshi jangi uchun” nominatsiyasi, Bunyod Ilhomovga “Eng yaxshi bokschi” nominatsiyasi berilib, velosiped sovg‘a qilindi. Muobaqalarda o‘z mahoratini ko‘rsatgan yosh bokschi Baxt Soburovga esa “Eng yaxshi texnikasi uchun” nominatsiyasi va rag‘batlantiruvchi sovg‘a berildi.

Qiziqarli o‘tgan ochiq turnir musobaqalari barcha sportchilarda katta taassurotlar qoldirdi.

 O.Xudoyberganova.