QORAQALPOG‘ISTONDA XIZMAT KO‘RSATGAN MADANIYAT XODIMI GULMIRZA NURMATOVNING 80YILLIK YUBILЕYI KЕNG NISHONLANDI

Туман янгиликлари

Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ularning faoliyati nafaqat o‘z jamoasi yutuqlariga, balki o‘sha soha rivojiga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Uzoq yillar tumanimizdagi 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabini, tuman Madaniyat bo‘limini mahorat bilan boshqargan, yoshligidan to nuroniy yoshigacha tumanimizda san’atni rivojlantirishga, yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning iqtidorini yuksaltirishga baxshida qilgan taniqli hofiz, bastakor, ko‘plab yoshlarning ustozi Gulmirza Nurmatovni ana shunday insonlardan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Gulmirza Nurmatov shu yilning 2 aprelida tabarruk 80 yoshini qarshi oldi. Shu munosabat bilan 1 aprel kuni tuman Madaniyat bo‘limida otaxon san’atkor bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirga soha xodimlari, Gulmirza Nurmatov bilan hammaslak bo‘lib ishlab, ayni kunda keksalik nafaqasiga chiqqan qadrdonlari, shogirdlari, do‘stlari ishtirok etdilar.

Tadbirni tuman Madaniyat bo‘limi xodimi Oybek Begimov boshqarib bordi. Dastlab so‘zga chiqqan Gulmirza Nurmatovning sobiq hamkasbi Omonboy Hasanov yubilarning hayoti, mehnat faoliyati va tumanimizda san’atni rivojlantirishdagi xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Gulmirza Nurmatovni yoshligidayoq ustoz san’atkorlar Nazir Nahimov, Usmon Ahmedov, Rajabboy Bobojonovlar o‘z saflariga chorlagan, turli tadbirlarda, konsert dasturlarda birga qo‘shiqlar ijro etib, hamkorlikda mehnat qilishgan.

Gulmirza Nurmatov sohir ovoz bilan kuylagan qo‘shiqlari tumanimizgina emas, respublikamiz miqyosida ko‘plab tomoshabinlarga manzur bo‘lgan. U uzoq yillar 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabiga, tuman Madaniyat bo‘limiga rahbarlik qilgan, sohadagi fidoyi xizmatlari tufayli “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.

Gulmirza Nurmatov tumanimiz miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy bayram, sayllarda xor ijrochiligi, guruh raqslarini joriy etgan, tomoshagohda fon yaratishni olib kirgan.

Tadbirda Qorqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat Vazirligining xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlikni rivojlantirish sektori rahbari Nurmuhammad Jiyanboyev tabrigidan so‘ng tuman hokimligi tashkiliy-kadrlash guruhi yetakchi mutaxassisi Ozod Almurodov, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, mehnat faxriysi Rustam Ro‘zmetovlar yubilarga tuman hokimligining sovg‘alarini topshirdilar va qutlug‘ 80 yoshi bilan qutladilar.

Aytish joizki, bir vaqtlar tumanimizda Hayitboy bolomonchi ismli kishining chalgan surnay, bolomon ohanglari odamlarga juda manzur bo‘lgan. U kishining vafotidan so‘ng bu asboblarni chaladigan odam qolmagani, biroq musiqa va san’at maktabida qiziquvchilar ko‘pligini inobatga olib va san’atning ushbu turi yo‘qolib ketmasligi uchun shunchaki bir havaskor surnay chaluvchi kishini o‘qituvchi maktabga ishga olib, surnay sinfini ochgan va keyinchalik ushbu asbobni chaluvchi profissional kadrlar yetishib chiqishiga sababchi bo‘lgan. Hozirgi 9-sonli va 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktablari ham aynan Gulmirza Nurmatovning sa’y-harakatlari bilan qurilgan. “Jayxun mo‘’jizalari” sahna sirk jamoasi ham uning tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Gulmirza Nurmatovning buningdek fidoyi xizmatlarini butun xalqimiz haqli ravishda e’tirof etadi. Bu tadbirda ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ta’lim faxriysi Ahmad Masharipov, tuman Madaniyat bo‘limida uzoq yillar kutubxonlar tarmog‘iga rahbarlik qilgan Gulchehra hoji opa Do‘simbetova, taniqli hofiz Anvar Xudoyberganovlarning tabriklaridan so‘ng tumanimiz san’atkorlari ijrosida Gulmirza Nurmatov kuy bastalagan qo‘shiqlar ijro qilindi.

Tadbir so‘ngida Gulmirza Nurmatov o‘ziga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom uchun tashkilotchilarga, barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Oygul RAJABOVA.