MADANIYAT MARKAZIDA YANGI ISTЕ’DOD EGALARI YETISHIB CHIQMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshirish, barcha hududlarda teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tizimli ravishda  yo‘lga qo‘yish, madaniyat va san’at sohasida iste’dodli yosh ijodkorlarni  izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlarini namoyon etishlariga sharoit yaratish borasidagi amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani quvonarlidir.

Xususan, chekka hududlardagi Madaniyat markazlari to‘garaklarida faol ishtirok etayotgan yoshlar orasidan turli nufuzli ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari yetishib chiqmoqda, to‘garaklar a’zolari tomonidan muhim sanalar, qutlug‘ bayramlar munosabati bilan o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, konsert tomoshalari tobora keng qamrov kasb etmoqda.

Tumanimizning Qangli ovulida joylashgan Qangli madaniyat markazi xususida ham xuddi shunday fikrlarni bildirishimiz mumkin. O‘tgan yillar mobaynida markaz to‘garaklarining iqtidorli ishtirokchilaridan shakllantirilgan badiiy jamoa tumanimiz miqyosida o‘tkazilgan turli bayram tadbirlarida, ko‘ngilochar tomoshalarda ishtirok etishib, chiqishlari xalqimizga manzur bo‘ldi. Shuningdek, ular koronavirus pandemiyasi davrida onlayn o‘tkazilgan tanlovda baxshichilik, estrada qo‘shiqchiligi, rubobda kuy chalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, S.Durdiboyev “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovida tumanda ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ayni kunda mazkur madaniyat markaziga Rajabboy Yeshboyev rahbarlik qilmoqda. Muassasa o‘z faoliyatini hududdagi 67-,29-, 39-, 61- va 74-sonli umumiy ta’lim maktablari bilan hamkorlikda tashkil etgan.

Ushbu ta’lim maskanlarining o‘quvchi-yoshlari madaniyat markazida faoliyat yuritayotgan milliy cholg‘ulardan rubob, baxshichilik to‘garaklari, estrada xonandaligi va gitara to‘garaklari mashg‘ulotlariga faol qatnashib, musiqa va san’at sohasida maktablarida olgan bilimlarini mustahkamlashmoqda. Alimjon Yeshimbetov rahbarligidagi rubob, Davronbek Yendirboyev rahbarligidagi estrada xonandaligi, Alisher Xudoyberganov rahbarligidagi gitara cholg‘usi to‘garaklarida musiqa va san’at sirlarini o‘rganayotgan 35 nafar yoshlar ishtirokida  yilning har choragida o‘tkazib kelinayotgan hisobot konsertlarida soha xodimlaridan tashqari, ovul aholisi ham ishtirok etadilar va konsert dasturini tomosha qilib, madaniy hordiq chiqaradilar.

Shuni ta’kidlash joizki, aholi, ayniqsa yoshlarning madaniy dam olishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini tizimli tashkil etishda hududlardagi madaniyat markazlarining faoliyati alohida ahamiyatga ega. Buni Qangli ovulidagi  Qangli madaniyat markazi misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash borasidagi qabul qilinayotgan qarorlar madaniyat markazi xodimlariga yana ham kuch-g‘ayrat va ijodiy ko‘tarinkilik baxsh etmoqda.

 

O.RAJABOVA.