Amudaryolik Shahzod Soliyev – O‘zbekiston chempioni!

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli o‘z qobiliyatlarini amalda namoyon etib, turli nufuzli sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelayotgan yoshlar safi tobora oshmoqda.

Durunki mahallasida tug‘ilib o‘sgan Shahzod Soliyev  sportning stol tennisi bilan shug‘ullanishni boshlaganida hali juda kichkina, 5-6 yashar bolakay edi. 36-sonli umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lgan bobosi Soliy Yo‘ldoshev nevarasining qiziqishlari bilan shaxsan o‘zi jiddiy shug‘ullana boshladi. Uyida nevarasi uchun tennis stoli o‘rnatib, uning har  bir harakati, intilishlarini erinmay kuzatib bordi, shu bilan birga, mashg‘ulotlar uzviyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi.

Shahzod avval oilaviy musobaqalarda  dadasini, keyinchalik bobosini epchillikda ortda qoldirdi. O‘zi ta’lim olayotgan 36-sonli maktabda  esa sinflararo va hududiy musobaqalarda doimiy g‘oliblar safidan joy oldi.

10 yoshidan tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabining stol tennisi  to‘garagiga qatnay boshlagan Sh.Soliyev to‘garak rahbari Hamida Rajabovadan bu nozik sport turining sir-asrorlarini o‘rgandi. BO‘SMda o‘tkazilgan stol tennisi musobaqalarida, tuman birinchiligida faol ishtirok etib, muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egalladi.

Nevarasidagi stol tennisiga bo‘lgan qiziqishni rag‘batlantirish maqsadida Soliy ota Yo‘ldoshev uni 2017 yilda Nukus shahridagi olimpiya zahiralari kollejiga olib bordi. Kollejda tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha  mahorat va epchillik hamda test  sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Sh.Soliyev o‘qish jarayonida nafaqat stol tennisi sportining nozik jihatlarini, balki sportchiga xos bo‘lgan madaniyatni, shu bilan birga umumta’lim fanlarini puxta o‘rgandi. Qisqa fursat ichida u namunali, intizomli xulqi, bilimdonligi bilan va stol tennisi bo‘yicha mohir sportchi sifatida tanildi.

Yaqinda, bahor bayramlari arafasida Sh.Soliyev ustozlari uchun munosib sovg‘a hozirladi. U joriy yilning 1-7 mart kunlarida  Farg‘ona viloyatida, 2004-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smir o‘g‘il bolalar va qizlar  o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida eng chiroyli o‘yin ko‘rsatib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sport ishlari Vazirligi tomonidan 1-Darajali Diplom va oltin medal bilan taqdirlandi.

O‘z yo‘nalishi  bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Sh.Soliyevning  bu yutug‘i o‘zi ta’lim olayotgan Nukus shahridagi  olimpiya zahiralari kollejidagi ustozlari, ta’lim olgan 36-sonli  maktabi hamda tuman BO‘SMdagi ustozlari uchun ham cheksiz quvonch bag‘ishladi.

R.IBRAGIMOVA, amunews.uz jamoatchi muxbiri