Amudaryo tumanida madaniyat va san’at xodimlari kuni keng nishonlandi

Туман янгиликлари

Bugun Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida 15 aprel — madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda tuman madaniyat bo‘limi va unga qarashli joylardagi madaniyat markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, muzey va boshqa muassasalar xodimlari, san’atkorlar va madaniyat sohasida uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Gulmirza Nurmatov ochib berdi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov so‘zga chiqib, tumanimizdagi barcha madaniyat va san’at sohasi fidoyilarini kasb bayramlari bilan tabrikladi va hokimlikning faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

“Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli badiiy rahbari Anvar Xudoyberganov, tumandagi 9- va 21-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mas’ullari mazkur maktablarning 30 nafarga yaqin fidoyi va jonkuyar o‘qituvchilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining faxriy yorliqlarini tantanali tarzda topshirdi.

Shundan keyin tadbir dilrabo kuy-qo‘shiqlar va raqslarga ulanib ketdi.

Fursatdan foydalanib, biz yurtimizdagi barcha madaniyat va san’at sohasi fidoyilarini mamlakatimizda ilk bora nishonlanayotgan kasb bayramlari bilan samimiy tabriklaymiz. Ularning aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish va san’at rivjiga hissa qo‘shish yo‘lidagi mashaqqatli va xayrli ishlarida omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli madaniyat va san’at sohasi xodimlari!

Tuman hokimligining Axborot xizmati