Amudaryo tumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ashula va raqs ansamblining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Har bir davlatning ravnaq topishi va rivojlanishi, o‘sha davlat fuqarolarining tom ma’nodagi Vatanparvarligi, halolligi va fidoyiligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, muqaddas hadisi sharifda “Vatanni sevmoq iymondandir” deb bejiz aytilmagan.

Shu sababli, mamlakatimizda yosh avlodni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongida xalqqa sadoqat ila xizmat qilish va davlatimiz gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shish kabi ezgu fazilatlarni singdirish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ichki ishlar vazirining 2022 yil 25 mart kungi 79-sonli farmoyishiga asosan joriy yilning 2 aprel kunidan 2 may kuniga qadar barcha ichki ishlar organlarida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida “Ma’naviyat oyligi” tashkil etilmoqda.

Maqsad – ichki ishlar organlari xodimlari qalbida milliy madaniyat va qadriyatlarga hurmat va ehtirom his-tuyg‘ularini yanada mustahkam qaror toptirish, O‘zbekiston xalqining boy tarixi, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini yanada chuqur his qilishlari, milliy madaniyatimizning eng yaxshi namunalarini ular ongiga yanada chuqur singdirishdan iboratdir.

Qolaversa, mazkur oylik doirasida ichki ishlar organlarida xizmat qilib xizmat vazifasini o‘tash mobaynida halok bo‘lgan soha xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish, yordamga muhtoj bo‘lgan ichki ishlar organlari faxriylarini, hamda xizmat chog‘ida nogiron bo‘lib qolgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlashdek ezgu va xayrli ishlar amalga oshiriladi.

13 aprel kuni Amudaryo tumanining Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan Bolalar va o‘smirlar sport maktabida ham O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Ashula va raqs” ansamblining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Unda tumanimizning faol yoshlari bilan birgalikda Ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolari, xizmat chog‘ida vafot etgan soha xodimlarining yaqinlari ham ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan elimizning xushovoz san’atkor xonandalari hamda so‘z ustalari tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiqlar, diltortar navolar va hangomalar konsert dasturiga tashrif buyurgan tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Tadbir qatnashchilari ushbu konsert dasturi orqali ma’naviy ozuqa olish bilan birgalikda o‘z qalblarida Vatanga sadoqat va hurmat xissini chuqur his qildilar. Tadbir yakunida ichki ishlar organlari safida mardonavor xizmat qilib, xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan soha xodimlarning oila a’zolariga extirom ko‘rsatildi.

 Ayni kunlarda “Manaviyat oyligi” doirasida Respublikamizning barcha hududlarida kitobxonlik, teatr xaftaliklari, konsert dasturlari shuningdek buyuk ajdodlarimizning tavallud kunlari munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

F. Eshimbetova.