Uyshin mahallasida hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kun yoshlari har tomonlama salohiyatga va iqtidorga ega ekanliklarini amalda isbotlamoqda. Turli soha va yo‘nalishlarda yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan o‘g‘il-qizlarimizning muvafaqqiyati so‘zimizga isbot bo‘la oladi.

Ammo, yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlarga qaramasdan turli muammo va to‘siqlarga duch kelayotgan, o‘z qiziqishi bo‘yicha kasb yoki hunar egallab, iqtidorini namoyon qila olmayotgan yoshlar soni ham kam emas. Ana shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi esa hokim va yoshlar uchrashuvlari orqali hal qilinmoqda.

14 aprel kuni tumanimizning Uyshin mahallasi hududida joylashgan Uyshin madaniyat markazi binosida 32 nafar faol yoshlar bilan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda tuman hokimligi mas’ullari, tegishli korxona va tashkilot vakillari ishtirok etib, yoshlarning taklif va muammolaridan iborat murojaatlarini tingladilar.

Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev olib bordi hamda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan barcha qaror va farmonlar negizida Vatan kelajagini o‘z taqdirida ko‘ruvchi fidoiy yoshlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdek ezgu amallar majassam ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda yoshlarning bandligini ta’minlash, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, yosh tadbirkorlar safini kengaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilangan rejalar asosida olib borilayotgani qayd etib o‘tildi.

Shundan so‘ng tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov Xalq qabulxonasiga o‘z muammolari bilan kelgan har bir fuqaroning murojaatlari imkon qadar bartaraf etilishiini aytib, tumanimizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolari ham sayyor qabul tarzida ko‘rib chiqilayotganligini va hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligini ta’kidladi.

Yig‘ilish davomda mahalla yoshlaridan Azmiddin Ollamberganov, Sevara Ibrahimova, Ozoda Jalolovalar oilaviy sharoiti tufayli kontrakt-to‘lovini to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelayotganliklarini bildirib, to‘lovlarining bir qismini qoplab berishda tuman hokimidan amaliy yordam so‘rashdi.

Undan tashqari, Baxtjon Yerkayev tuman hokimiga dehqonchilik yo‘nalishida tadbirkorlik qilish istagi borligini bildirib, qishloq xo‘jaligi maydonlaridan 25 sotix yer maydoni ajratib berilishida yordam so‘radi. Umarbek Jumaboyev esa chorvachilik yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratilishi bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Murojaatlar tuman hokimi tomonidan alohida nazoratga olinib, o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi va amaldagi tartib asosida murojaat egalariga yordamlar ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.

Bugun yoshlar yaratilayotgan har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga intilmoqda. Uchrashuv davomida berilgan savollar va bildirilan muammolardan ham bilsa bo‘ladiki, bugun har bir o‘g‘il-qizning o‘z rejalari va maqsadlari bor. Chunki, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosati ularni yanada ilhomlantirmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati