Hozirgi kunda dunyo miqyosida insoniyat uchun hal etilishi lozim bo‘lgan eng asosiy masalalardan biri korrupsiya muammosidir. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish maqsadida idora va tashkilotlarda huquqshunoslar ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish mavzusida davra suhbatlari, ochiqlik va shaffoflikka asoslangan yig‘ilishlar o‘tkazilib, bu boradagi muammolar atroflicha muhokama qilinmoqda.
Amudaryo tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limida bo‘lib o‘tgan tadbirda ham bu borada sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar atroflicha muhokama etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazoratni oshirish bo‘yicha bosh mutaxassisi, Amudaryo tumani prokuraturasi, tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, shuningdek, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limining mas’ul xodimlari hamda tumandagi maktabgacha ta’li tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirni Amudaryo tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Saida Sodiqova ochdi va mamlakatimizda tobora dolzarb masalaga aylanib borayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyasiz jamiyat qurish maqsadida Respublikamizda olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Tadbirda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik bazasi va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullar tomonidan keng tushuntirishlar berildi. Bu borada qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati yuzasidan Amudaryo tumani Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Jamshid Bekimbetov batafsil so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Amudaryo tumani prokuraturasi mas’ullari so‘zga chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi ikki yil ichida qabul qilingan Prezident Farmon va Qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.
Jumladan, Prezident Farmonlari va Qarorlari asosida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2020 yilda 90 ta korrupsion jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2021 yil davomida 229 ta shu turdagi jinoyatlar aniqlangan. Bu ko‘rsatkich ancha ko‘payganining asosiy sababi qurilish sohasidagi talon-tarojlik va qator huquqbuzarlik jinoyatlarining o‘sishi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Faqat joriy yilning o‘zida sodir qilingan korrupsion jinoyatlarning 69 tasi qurilish sohasiga taalluqli bo‘lib, 2020 yilda Respublikadagi turli darajadagi lavozimli shaxslarning 54 nafari, turli soha xodimlarining 17 nafari, fuqarolarning 31 nafari va 2021 yil davomida lavozimli shaxslarning 202 nafari, turli soha xizmatchilarining 94 nafari, fuqarolarning 54 nafari korrupsiya bilan bog‘liq turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, mas’ullar korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning 21 tasi Halq ta’limi vazirligi sohasida, 22 tasi Maktabgacha ta’lim sohasida, 5 tasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi sohasida, 54 tasi ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilganini qayd etishdi.
Tadbirda Maktabgacha ta’lim sohasida aniqlangan korrupsion holatga ham to‘xtalib o‘tildi, bu sohada jinoiy javobgarlikka tortilgan 15 nafar shaxslardan 3 nafari maktabgacha ta’lim sohasiga ishga kiritish uchun pora talab qilish, 12 nafari budjet xarajatlarini talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etishgan.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan Respublikada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashish, o‘z yechimini kutib turgan masalalar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar bor ekanligi va kelajakda huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qat’iy barham berish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Bu kabi tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad soha vakillarining huquqiy savodxonligini o‘stirish, va shu orqali korrupsiya kabi jamiyat kushandasiga qarshi ommaviy kurashishni yanada kuchaytirishdan iboratdir.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.