Bugungi kunda ilm-fan yutuqlaridan xabardor bo‘lish, turli sohalarda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va uskunalarni o‘zlashtirish, chet ellik mutaxassislarning boy tajribasidan foydalana olish uchun chet tillarni bilish juda muhim. Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim muassasalarida yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish masalasiga juddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa dunyodagi yetakchi til hisoblanmish ingliz tilini o‘qitish, o‘quvchi yoshlarning ushbu tilda bemalol muloqot qila olishlariga erishish maqsadida ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Buningdek sa’y-harakatlar samarasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tugatayotgan yoshlarning xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirayotganlari safi tobora ortmoqda.
14 aprel kuni Amudaryo tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘quvchilarning ingliz tilini o‘rganish darajasi bilan tanishish, shuningdek, o‘zining ingliz tilini yanada oson va tez o‘rgatish loyihasi bilan tanishtirish maqsadida Amerika Qo‘shma shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi Maurin Runney tashrif buyurdi.
Janob Runney maktabda o‘zining ingliz tilini oson va chuqur o‘rgatish loyihasi afzalliklari haqida ma’ruza qildi. Loyiha maqsadi maktab o‘quvchilarining, barcha aholining ingliz tilini chuqur o‘rganib, mazkur tilda bemalol muloqot qila olish, o‘zlarining fikrlarini erkin bayon qila olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishlariga yordam berishdir.
Tadbirda maktabning ingliz tili fani o‘qituvchilari Muhabbat Xudoyberganova, Zivar Otajonova, Qadamboy Allaberganov, Fariza Rajabova, Irodaxon Safarboyeva, Barno Yeshimbetova, Mavluda Usmonovalar professor Maurin Runney janoblari bilan ingliz tilini o‘qitishning istiqbolli metodlari haqida, tilni o‘rganishning ahamiyati va bugungi kunda dunyoning barcha davlatlarida uni o‘rgatishga e’tibor oshayotgani haqida qizg‘in suhbatlashdilar. Mehmon o‘zining ingliz tilini o‘qitish loyihasidagi o‘ziga xosliklar, metodlar haqida batafsil tushuncha berdi va bundan maktab xorijiy til o‘qituvchilari ulkan taassurotlar oldilar.
Tadbirda Fariza Rajabova maktabning 7-B sinfida “Dunyoning diqqatga sazovor joylari” mavzusida namunaviy dars o‘tdi va bu jarayonni diqqat bilan kuzatgan mehmon o‘qituvchi mahoratiga yuqori baho berdi. Dars jarayonida o‘quvchilarning ustozi bilan bemalol ingliz tilida muloqot qilib, o‘z fikrlarini mustaqil bildira olishi mehmonda zo‘r taassurotlar qoldirdi. U o‘qituvchilarning, o‘quvchilarning bergan savollariga batafsil javoblar berdi.
Til bilgan – el biladi, deydi xalqimiz. Mamlakatimizda yoshlarini el biladigan ilmli, iqtidorli, ma’naviyatli, dunyo yoshlari bilan bemalol bellasha oladigan, salohiyati yuksak qilib voyaga yetkazish, shu qatorda xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishlariga erishish borasida olib borilayotgan izchil harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Buni maktablar partalarida o‘tirib, xorijiy tillarda burro-burro so‘zlayotgan o‘quvchilar misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Oygul RAJABOVA.