MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARIDA SOG‘LOM OVQATLANTIRISHNI TASHKIL ETISH MASALASI MUHOKAMA ETILDI

Туман янгиликлари

Maktabgacha ta’lim bo‘limida MTTlarda sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va qoidalariga amal qilishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan ushbu yig‘ilishda  tuman MTB mudiri S.Sadikova, bo‘lim mas’ullari va MTTlar rahbarlari, hamshiralari  ishtirok etdilar. Yig‘ilishni Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri S.Sadikova ochib berdi. Shundan so‘ng, bo‘limning oziq-ovqat mahsulotlari hisobi bo‘yicha guruh rahbari B.Yerimbetov so‘zga chiqib, MTTlarda ovqat ratsionini shakllantirish va brakeraj komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha gapirdi. Undan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga borib, tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirishda sanitariya-gigiyena talablari va qoidalariga amal qilish tartibi o‘rganilganda xato-kamchiliklar  aniqlanganini aytib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning maqsadi tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va barkamol o‘sishini ta’minlash, oshxonalarda sifatli taomlar tayyorlash, taomlarni iste’mol qilish uchun gigiyenik talablarga muvofiq sharoitlar yaratish kerakligi,  taomnoma joriy kundagi tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, keyingi ish kuni uchun soat 16.00 ga qadar hamshira tomonidan MTT oshpazi va xo‘jalik mudiri ishtirokida tuzilishi, taomnoma asosida keyingi kun uchun oziq-ovqat mahsulotlari xo‘jalik mudiri tomonidan hamshira yoki navbatchi tarbiyachi ishtirokida ish kuni yakunlangunga qadar oshxonaga berilishi kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, MTT hamshirasi brakeraj komissiyasining raisi bo‘lib, uning tarkibiga tarbiyachi, oshpaz, tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari vakillari a’zo sifatida kiritilgan bo‘lishi, brakeraj daftari oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, mazasi, kunlik sinama olinganligi, ovqatni tarqatishga ruxsat berilganligi haqidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda to‘ldirilib, har kuni hamshiraning imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerakligi va boshqa masalalar muhokama etildi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha 3-sonli MTT hamshirasi N.Sabirova, 4-sonli MTT hamshirasi R.Jumanova hamda boshqalar so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

S.Patullayeva, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha sho‘ba mudiri