TUMANIMIZ GIMNASTIKACHI QIZLARI RЕSPUBLIKA OCHIQ TURNIRI G‘OLIBI BO‘LISHDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor  yosh avlodning irodasini mustahkamlab, o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonchini oshirmoqda, ularning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishiga asos bo‘lmoqda.

Vaxum aholi punktidagi o‘yingohda Shahodat Rajabova murabbiylik qilayotgan badiiy gimnastika to‘garagida hududning 50 nafarga yaqin yosh qizlari sportning ushbu nafis turi bilan shug‘ullanib, ko‘pgina yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda.

Uning tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabida faoliyatini boshlaganidan beri nufuzli musobaqalarda g‘oliblikka erishgan, sovrindor bo‘lgan shogirdlari ko‘p. Yaqinda Toshkent shahrida  2006-2017 yillar oralig‘ida tug‘ilgan qizlar orasida badiiy gimnastika bo‘yicha “Sport – nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida bo‘lib o‘tgan respublika ochiq birinchiligida 9 nafar shogirdlari ishtirok etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildilar. Ulardan D.Jalg‘ashova, A.Muxtorova, Z.Qadamboyeva, G.To‘raboyeva, T.Davlatboyevalar jamoaviy bahslarda birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, R.Alimboyeva, A.O‘rozboyeva, U.Rajabova, M.Shuhratovalar yakkalik bahslarida tengdoshlaridan mahoratli, epchil va salohiyatli ekanliklarini namoyish etdilar. Bir-yo‘la 9 nafar shug‘ullanuvchilarining aynan bir musobaqada g‘oliblikka erishgani uchun musobaqa hakamlari va tashkilotchilari Sh.Rajabovaning faoliyatiga yuksak baho berib, uni maxsus diplom va statuetka bilan taqdirladi.

– Har safar shogirdlarimni musobaqalarga olib borganimda xuddi o‘zim imtihon topshiradiganday hayajonlanaman, ular sahnaga chiqqan vaqtlarida ko‘zimni uzmay kuzataman. Shukurki, mehnatlarim samarasiz ketayotgani yo‘q, – deydi Shahodat Rajabova quvonch bilan.

Biz uning kelgusi ishlarida ham muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Sevara Ismoilova,

QDU talabasi.