Mehnat yarmarkalari va sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

15 aprel kuni Amudare tumani Qilichboy madaniyat markazi hovlisida aliment to‘lovlaridan qarzdorligi bo‘lgan ishsiz fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada 64 ta korxona va tashkilotlar 257 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdilar. Mazkur mehnat yarmarkasida 22 nafar bandligi ta’minlamagan fuqarolarga hamda aliment to‘lovidan qarzdorligi bo‘lgan 1 nafar fuqaroga doimiy ishga joylashishlari uchun yullanmalar berildi.

Shuningdek, mazkur mehnat yarmarkasi ishtirokchilariga tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari tomonidan mehnatga oid masalallar yuzasidan maslahat va tushuntirishlar berilib, huquqiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, yarmarkada tumandagi turli ishlab chiqarish sub’ektlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

Yarmarkadan so‘ng mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularning oila a’zolari holidan xabar olish, muammolari va ehtiyojlarini o‘rganish xamda hal etilishiga ko‘maklashish, shuningdek, ularning moddiy, ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari O‘serbay Kazakov, sektorlar, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek ovul hududida istiqomat qiluvchi aholi vakillari ishtirok etishdi.

 Qabul davomida O‘serbay Kazakov Rossiya va Yevropa mamlakatlariga ishlash uchun ketayotgan mehnat migrantlariga oid qonun-qoidalar va ularning huquqlari haqida keng turda tushunchalar berdi.

Mazkur sayyor qabulda aholidan 13 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 5 ta murojaat egasiga huquqiy maslahatlar berildi. 7 ta murojaat vaqt talab qilganligi sababli vazirlik nazoratiga olindi.

Shu kabi mehnat yarmarkasi 16 aprel kuni tumanimizning Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan “Amudaryotex” xorijiy korxonasi binosi oldida ham bo‘lib o‘tdi. Yarmarkada aliment to‘lovlaridan qarzdorligi bo‘lgan ishsiz fuqarolardan tashqari, bandligi ta’minlanmagan ayol-qizlar va yoshlar ham ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan yarmarka doirasida 72 ta korxona 280 ta ish o‘rni bilan qatnashib, fuqarolarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yilgan malakaviy talablar haqida ma’lumot berib, ishga taklif qildilar.

Yarmarkada ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni turli kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlariga o‘qishga yuborish va tumandagi obodonlashtirish korxonasi va mahallalarda tashkil etilgan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish tartibi haqida ham tushunchalar berildi.

Yarmarka davomida malakali mutaxassislar tomonidan bandlik sohasida fuqarolarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ham maslahatlar berilib, huquqiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, hayotda to‘g‘ri kasb tanlash muvaffaqiyatli kelajakning garovidir. Chunki insonning aksariyat vaqti ish jarayonlarida o‘tadi. Shu sababdan ham kishi o‘zi uchun sevimli hunarni o‘rganishi, o‘ziga yoqqan kasb bilan shug‘ullanishi kerak.

Bu kabi yarmarkalarning davomli tashkil etilishi, ishsiz fuqarolarimiz uchun o‘zlariga munosib ish o‘rni topishlarida hamda jamiyatda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati