“YASHIL MAKON” AKSIYASI DOIRASIDA TUMAN OBODONLASHTIRISH BOSHQARMASI TOMONIDAN KO‘CHAT EKILIB, BOG‘ YARATILDI

Туман янгиликлари

Ayni ko‘klam kunlarida yurtimiz bo‘ylab barcha hududlarda ekologik holatni yaxshilash, atrof-muhitni fayzli va obod go‘shaga aylantirish maqsadida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar o‘tqazilib, bog‘u-rog‘lar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan butun mamlakatda amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga ko‘ra Amudaryo tumanida ham ko‘chatlar ekish ishlari qizg‘in tashkil etilmoqda. Hududning iqlim sharoiti, ekish maydonlarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, “Yashil maydon”lar soni ko‘paytirilib borilmoqda.

“Yashil yillik” tadbirlarida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham faol ishtirok etib, yo‘l chetlariga, ma’muriy binolar atroflariga manzarali nihol va butalar, gullar ekishmoqda.

Mang‘it shahrining Do‘stlik mahallasi hududidagi bo‘sh yotgan maydonda “Yashil makon” aksiyasi doirasida katta bog‘ bunyod etish maqsadida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ko‘chat ekib, bog‘ yaratilmoqda. Ko‘chat ekish jarayonida tuproq unumdorligiga alohida e’tibor qaratilib, yer avvalo sug‘orishga tayyor holatga keltirildi. Yangi o‘tqazilgan ko‘chatlarni parvarish qilish bo‘yicha alohida mas’ullar belgilandi.

Ma’lumki, joriy yil 2 fevral kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilinib, ushbu yig‘ilishda 1 martdan e’tiboran «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishi ma’lum qilingan edi. Shunga muvofiq, 2022 yil bahor mavsumida tumanimizda ko‘chat ekish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, bahor oylarida olma, gilos, behi, yong‘oq va archa, terak, qayrag‘och kabi manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha reja tasdiqlangan.

Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan Do‘stlik mahallasi hududida yangidan bog‘ tashkil qilish uchun 6 gektardan ziyod yer maydoni ajratilib, 3 ming 790 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish reja qilingan. Ajratilgan yer o‘rtasiga mevali daraxtlar, atroflariga esa manzarali daraxtlar ko‘chatlarini belgilangan o‘lchovlar bo‘yicha sug‘orishga, parvarishlashga qulay holatda ekib chiqish, shu orqali tuman ekologiyasini yaxshilash bilan birga go‘zal manzara yaratish, fayzli bog‘ barpo etish mo‘ljallangan. Ko‘chatlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, ko‘kalamzorlashtirishni, turli mevalar yetishtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi.

Bog‘ barpo qilishga kirishilgan kunning o‘zidayoq tashkilot xodimlari ajratilgan yer maydonining 2,8 gektariga 650 tupdan ziyod mevali daraxtlar ko‘chatlarini ekishdi. Olma, behi, o‘rik, nok kabi turli mevali daraxtlar ko‘chatlari agrotexnika qoidalariga rioya qilingan holda o‘tqazildi. Endilikda ular nazorat ostida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.

Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizga xos ezgu fazilatlarni qadrlash, ezgulikni yoshlar qalbiga singdirish, qishloq va shaharlar, mahallalarni ko‘rkam ko‘rinishga keltirishdan iborat. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli va ezgu ishlar barcha hududlarda davom etmoqda.

O.Xudoyberganova.