AMUDARYO TUMANIDA INTЕNSIV BOG‘LAR YARATILIB, ERTAGI SABZAVOT EKISH NIHOYASIGA YETKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

Bog‘dorchilik va issiqhona xo‘jaligini rivojlantir maqsadida Amudaryo tumanida maxsus loyiha ofisi tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda tumanda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, bog‘, ekinlar hosildorligini oshirish va sifatini yaxshilash maqsadida Amudaryo tuman bog‘dorchilik va issiqxona agentligi tomonidan bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari olib kelindi. Bundan tashqari, intensiv sabzavotchilikni rivojlantirish maqsadida 50 ming donadan ortiq sabzavot va poliz ko‘chatlarini olib kelish  rejalashtirilgan.

Shuningdek, Amudaryo tumani bo‘yicha 915 gektar ochiq maydonlarga har xil turdagi sabzavot ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur maydonlarda sabzavot urug‘larini ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

Sifatli kartoshka yetishtirish va ichki bozorni mahalliy kartoshka mahsulotlari bilan to‘ldirish maqsadida tumandagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi klasteri tomonidan 310 gektar maydonga serhosil navli kartoshka urug‘larini joylashtirish uchun urug‘ni o‘z vaqtida yetkazib berish ta’minlandi.

Joriy dehqonchilik yilida 130 gektar maydonda soya o‘simligini yetishtirish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda tumandagi qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan soya ekiladigan yer maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ayni kunlarda ekish jarayoni yakuniga yetkazilmoqda.

Tumanimizdagi bog‘dorchilik tarmog‘iga ega qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan intensiv bog‘lar barpo etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangidan intensiv bog‘lar bunyod etish ishlari tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashevning shaxsiy ishtiroki va tashabbusi bilan amalga oshirilayotgani tufayli erta bahordanoq 200 gektar maydonlarga turli mevali daraxt ko‘chatlari, 30 gektar maydonga uzum toklari sifatli qilib ekildi.

Ayni kunlarda tumanimiz qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ertagi sabzavot ekinlarini ekish ishlari ham sifatli yakuniga yetkazilmoqda. Xususan, Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev rahbarligidagi 1-sektor hududidagi Choyko‘l, To‘lqin, Qipchoq, Nazarxon ovullari hamda Bekboy To‘qay xo‘jaliklari hududidagi fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi 56 gektar maydonga kartoshka, 80 gektar yerga sabzi, 35 gektar piyoz, 38 gektar maydonga soya o‘simligi ekish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur ekinlarni ekish ishlari sifatli yakunlandi. Ayni paytda sektor hududidagi sabzavot ekilgan maydonlarda bir tekis unib chiqqan nihollarni dastlabki parvarishlash, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.

Amudaryo tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududiga qarashli Mang‘it, Amir Temur nomli, Yo‘ldosh O‘rozboyev nomli, Qilichboy, Turkmaniston muqobil mashina-traktor parklari xizmat ko‘rsatuvchi qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan ham ertagi sabzavot ekish rejasi 100 foiz bajarildi. Mazkur hududlardagi 88 ta fermer xo‘jaliklarida belgilangan rejaga ko‘ra, 101 gektar yerga kartoshka, 68 gektar sabzi, 46 gektar maydonga piyoz va 29 gektar yerga soya ekilib, bu boradagi reja ortig‘i bilan ado etildi.

3-sektor hududidagi Bo‘z yop, Xitoy, Bobur nomli va Oq oltin ovullari hamda O‘zbekiston mahallasida jami 119 gektar kartoshka, 109 gektar sabzi, 30 gektar piyoz va 46 gektar yerga soya ekinlari sifatli qilib ekildi.

4-sektor hududidagi Qangli va Toshyop ovullari hamda Namuna mahallasi hududlarida ham joriy yilda ro‘y berayotgan suv tanqisligiga qaramasdan 16 aprel holatiga 33,5 gektar yerga kartoshka ekilib, bu boradagi reja 98,5 foiz, 21,5 gektar yerga sabzi urug‘i ekilib, reja 89,6 foizni tashkil etmoqda va mazkur ekinlarni ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Shuningdek, sektor hududidagi fermer xo‘jaliklarida 27 gektar yerga piyoz, 17 gektar yerga soya o‘simligi ekilib, bu boradagi reja 100 foizga ado etildi.

Joriy yilning 16 aprel holatiga Amudaryo tumani bo‘yicha jami 308 gektar yerga kartoshka, 279 gektar sabzi, 138 gektar piyoz va 130 gektar soya o‘simligi ekilib, gektarlarda bir tekis unib chiqayotgan sabzavot nihollariga dastlabki agrotexnik ishlov berish ishlari boshlab yuborildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.