O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 18 aprel kuni Amudaryo tumani Choyko‘l ovulida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi Vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Daryabay Qaypov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Azamat Zamaddinovlar ishtirokida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Seminarda tuman hokimi o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, fermer xo‘jaligi raislari hamda soha mas’ullari qatnashdilar.
“Polvonovul” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan seminarda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar uchun ajratilgan 1 gektardan ortiq yer maydoniga soya ekish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud.
Shu ma’noda, tumanimizdagi bandligi ta’minlanmagan, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 1 gektardan ortiq yer uchastkalari ajratib berildi. Ayni kunlarda ajratilgan yer uchastkalarida ekinlarning o‘z muddatida ekilishi va parvarish qilinishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar manzilli tashkil etilgan.
Xususan, ajratilan mazkur yer maydonlarida soya yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Sababi, soyachilikni rivojlantirish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan o‘ta foydalidir. Bu, avvalo, aholi demografiyasi tufayli kundalik iste’mol tovarlariga ortib borayotgan ehtiyojni kafolatli qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qo‘l keladi.
Aytish joizki, soya o‘simligi biologik xususiyatiga ko‘ra, joy tanlamaydi. Sho‘rlangan, yer osti suv sathi ko‘tarilgan ekin maydonlarida ham o‘saveradi. Shuningdek, uni aralash usulda parvarishlash ham juda qulay. Ko‘rinib turibdiki, soya yetishtirishni keng o‘zlashtirilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun har taraflama foyda keltirib, xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari bilan boyitish, bozorlarni arzon va sifatli noz-ne’matlar bilan to‘ldirishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek seminarda chigit ekish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarning bajarilishiga doir tushuntirish va tavsiyalar ham berib o‘tildi.
Tumanimizda 2022 yilgi paxta hosili uchun 352 ta fermer va qishloq xo‘jaliklarida chigit ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlarning sifatli tarzda nihoyaga yetkazilishi bo‘yicha barcha texnik vositalar to‘liq jalb qilingan.
Seminar yakunida mas’ullar tomonidan boshqa viloyat va tumanlar bilan o‘zaro tajriba almashish, xorijning ilg‘or usullarni o‘rganish, bu texnologiyalarni nafaqat g‘o‘za va soya, balki boshqa ekin turlari misolida ham qo‘llash kerakligi aytib o‘tildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati