YANGI MILLIY O‘QUV DASTURI DOIRASIDA O‘QUV SЕMINAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Keyingi yillarda xalq ta’limi sohasiga jiddiy e’tibor qaratilib, o‘sib kelayotgan yosh avlodning barkamol bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishlariga g‘amxo‘rlik kuchaymoqda. Ta’limga yangi innovatsion pedagogik texnologiyalar, yangi Milliy o‘quv dasturi joriy etilmoqda. Avvalgi o‘quv dasturlari mazmuni asosan nazariyadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi dasturda esa nazariya bilan amaliyot baravar olib borish ko‘zda tutilgan. Avval  o‘quvchilar bilimini baholash faqat eslab qolingan bilimlar hajmini aniqlagan bo‘lsa, endilikda o‘quvchilarda shakllangan ko‘nikmalar e’tiborga olinadi.

Umumiy ta’lim maktablarida fanlar soni va o‘quv yuklamalari optimallashtirilgan, o‘quvchilar qiziqishlariga ko‘ra fanlarni tanlab o‘qish imkonini beruvchi variativ o‘quv dasturlar asosida hayotga va kasbiy faoliyatga yo‘naltiriladi. Yangi milliy o‘quv dasturida fanlardagi  mavzular takroriy emas, balki bir-birini  mantiqan davom ettiruvchi va soddadan murakkabga tomon yo‘naltirilgan tarzda kiritilgan.

2021-2022 yilida tajriba-sinov tariqasida ta’limga joriy etilayotgan ushbu dastur mamlakatimizda ta’lim sifati va natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu yilning 19 aprelida Amudaryo tumanidagi 16-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi Milliy o‘quv dasturini 6-, 7-, 10-sinflarda ona tili va adabiyot darsida amaliyotga joriy etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tuman Xalq ta’limi bo‘limi metodisti O‘tkir Matmurodov, tumanimiz maktablarining ona tili va adabiyot fani bo‘yicha trener o‘qituvchilari Dilnoza Ibrohimova, Umida Rahimboyeva hamda maktablarning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

O‘quv seminarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 6-, 7- va 10-sinflar o‘quvchilari uchun yaratilgan Milliy o‘quv dasturi, darslik, mashq daftari, undagi topshiriqlar namunalari, ushbu dasturni ta’limga joriy etishdan kutilayotgan natijalar haqida ma’ruzalar qilindi. Ona tili va adabiyot darslarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy masala – o‘quvchida so‘zga qiziqish va e’tibor hissini muntazam o‘stirib borish, ularga so‘zning ahamiyati, turli matnlarda tutgan o‘rnini tushuntirishdan iborat bo‘lmog‘i lozimligi xususida so‘z yuritildi. Seminar ishtirokchilari amaliyotga joriy qilinishi kutilayotgan yangi ona tili va adabiyot darsliklari va undagi o‘zgarishlar xususida ham fikr almashishdi.

Seminar davomida o‘qituvchilar bilan birgalikda yangi darsliklardan joy olgan topshiriqlardan namunalar ishlandi. Shundan so‘ng tajribali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari yangi Milliy o‘quv dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘quv seminar qiziqarli va samimiy tarzda o‘tdi, o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytirildi.

Albatta, biron yangilikka qo‘l urishdan oldin uning ahamiyatini anglab yetish juda muhim. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, mazkur o‘quv seminar tumanimiz maktablarining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga yangi Milliy o‘quv dasturi asosida o‘qitishning maqsad-vazifalarini chuqur yetkazishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Oygul RAJABOVA.