Olmazor mahallasida tuman hokimining sayyor qabuli o‘tkazildi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, shuningdek, aholining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qator muhim davlat va hududiy dasturlar, qonun hujjatlari qabul qilindi.

Joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, xalq bilan bevosita muloqotning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish maqsadida sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydigan mazkur xalq bilan muloqot uslubi tobora o‘ziga xos an’anaga aylanib fuqarolar bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida yechim topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

21 aprel kuni tumanimizning Olmazor mahallasi hududida joylashgan 82-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida tuman hokimi, 1-sektor rahbari So‘ltonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov hamda mutasaddi tashkilot mas’ullari ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Unda tumanimizning Olmazor, Gulzor va Oybek mahallalarida istiqomat qiluvchi 60 dan ortiq faol va muammosi bor bo‘lgan aholi vakillari qatnashib, o‘zini qiynayotgan masalalar bilan tuman hokimiga murojaat qilishdi.

Qabul davomida fuqarolardan o‘n beshdan ortiq turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlardan to‘rttasi shu yerning o‘zida hal qilingan bo‘lsa, ba’zilariga mas’ullar biriktirilib muddatlar belgilandi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugun har bir fuqaro uchun barcha davlat organlari va tashkilotlarning eshiklari ochiq. Davlat idoralari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini sokin kabinetlarda emas, balki ijtimoiy jarayonlar kechayotgan pallada joyiga borib, real holatni o‘rganmoqda.

 Tumanimizda bu kabi ko‘plab sayyor qabullarning o‘tkazilishi natijasida fuqarolarning murojaatlari, mahallalarga biriktirilgan ishchi guruhlarning uyma-uy yurib aniqlagan muammolari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni tezroq aniqlash va hal etish imkoniyatini bermoqda.

Shuningdek, ularning muntazam yo‘lga qo‘yilgani avvalgi sayyor qabul va uchrashuvlarda belgilangan topshiriq va vazifalar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.

Muxtasar aytganda, sayyor qabullar aholi muammolarini joyida, tez va samarali hal etish imkonini berayotgani, hududlarda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni aniqlash va bartaraf etilishida davlat organlari va tashkilotlari oldiga vazifalar qo‘yayotgani va ushbu vazifalarni to‘laqonli bajarishga undayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati