XALQ QABULXONALARI AHOLI MUAMMOLARIGA YECHIM TOPISHDA YAQIN KO‘MAKDOSH BO‘LMOQDA

Туман янгиликлари

Prezident Xalq qabulxonalari bugun xalqimizning muammolariga yechim topishiga ko‘maklashib, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda Qabulxonalar mutasaddilari tomonidan barcha darajadagi rahbarlarning fuqarolar bilan ochiq, oshkora muloqoti yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar imkon qadar ijobiy hal etilmoqda. Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulug‘vor g‘oyaga amal qilinib, aholining yashash darajasini yaxshilashga harakat qilinmoqda.

Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, muammolarini o‘rganish va hal etish borasida o‘tgan davrlar mobaynida tegishli ishlar amalga oshirildi.

Qabulxonaga shu yilning uch oyi davomida 391 ta masalada murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 342 tasi ko‘rib chiqilgan, 49 tasi o‘rganilmoqda. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 276 tasi qanoatlantirilgan.

Ma’lumki, joriy yildan boshlab hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish, natijalarini xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida muhokama qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, Qabulxona tomonidan tumandagi hokim yordamchilari faoliyati ham muvofiqlashtirilib borilmoqda.

Hokim yordamchilari tomonidan joriy yil boshidan 35 393 xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, 4 ta toifaga ajratib olindi. Birinchi toifaga daromadi kam, ishsiz a’zolari bo‘lgan, daromad topishga, kasb o‘rganishga harakat qilayotgan 6114 ta xonadon, ikkinchi toifaga doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagi bo‘lgan 17551 ta xonadon, uchinchi toifaga nogironligi bor va kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 2640 ta xonadon, to‘rtinchi toifaga iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q 9088 ta xonadon kiritildi.

Xatlov o‘tkazilgan xonadonlarda 5 909 nafar mehnatga layoqatli ishsizlar aniqlanib, ularning 3565 nafarida ishlash, 294 nafarida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish, 1083 nafarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, 2075 nafar fuqarolarning kredit olish, yana 113 nafar fuqarolarning kooperatsiya asosida ishlash hohishi borligi aniqlangan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi asosida 2075 nafar fuqarolar tomonidan kredit olish uchun arizalar yuborilgan bo‘lib, shundan 1172 tasi maqsadli deb topilib hokim yordamchilari tomonidan tavsiyanomalar berildi. Bugungi kunda 434 nafar fuqarolarga dastur doirasida 8,6 mlrd.so‘mlik kreditlar ajratilgan. Subsidiya asosida issiqxona qurib berish maqsadida 100 nafar fuqarolarga pul mablag‘lari ajratildi. Bugungi kunda 80 nafar fuqarolarga issiqxona qurib berish ishlari yakunlangan.

Tumandagi umumiy maydoni 775,5 gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish maqsadida 3054 ta lotlarga bo‘linib, auksion savdo maydonchasiga joylashtirildi. Shundan auksion natijasiga ko‘ra bugungi kunda salkam 415 gektar yer 1640 nafar fuqarolarga ajratilgan.

Hokim yordamchilari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida 2534 nafar ishlash istagini bildirgan mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar aniqlanib, bugungi kunda 1282 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlangan.

Qabulxona xodimlari uyma-uy yurib ham, aholining o‘ta sharoiti og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganishlar davomida "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan, lekin yordam ko‘rsatilmasdan daftardan chiqarib yuborilgan hamda daftarga kiritilishi lozim bo‘lgan oilalar daftarga kiritilmasdan e’tiborsiz qoldirilgan bir qancha holatlar ham aniqlandi.

Bo‘ston mahallasida yashovchi 77 yoshli fuqaro O‘rozgul Pirnafasovaning farzandi Asqar Qo‘chqorov o‘sma kasalligiga chalingan, 6 marotaba fizoterapiya muolajasini olgan. Bemorga har bir olingan muolaja uchun 6 mln. so‘mdan jami 36 mln. so‘m mablag‘ sarflangan. Nevarasi To‘liboyev Jahongirning bosh miya qismida o‘simta paydo bo‘lgan, o‘z vaqtida davolanishi uchun Toshkent shahrida operatsiyani amalga oshirishga yo‘llanma ololmagan. Davolanishga mablag‘i bo‘lmaganligi sababli bir ko‘zi ko‘rmay qolgan. Zudlik bilan jarrohlik yo‘li bilan davolanishi zarur bo‘lsa-da, ushbu oila "Temir daftar"ga kiritilmasdan, e’tiborsizlik bilan qaralib kelingani aniqlangan.

Xalq qabulxonasi ko‘magi bilan mazkur oila "Temir daftar"ga kiritildi va fuqaro Jahongir To‘libayevga bosh miya qismidagi o‘simtani davolatishga Toshkent shahridagi tibbiyot muassasasiga borishiga bepul yo‘llanma olishda amaliy yordam berildi.

Tumandagi Xalq qabulxonasi tomonidan yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarining qisqa muddatda bartaraf qilinayotganidan fuqarolar mamnun. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, barcha ishlar tub zamirida xalqimizni rozi qilish maqsadi mujassamdir.

E.Rajabov, Xalq qabulxonasi mudiri.