O‘ZBЕKISTONDA FAOLIYAT BOSHLAGAN PISA-2022 XALQARO TADQIQOTI ILK BOR AMUDARYODA O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Shu yil 21 aprel kuni 86-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchilari O‘zbekistonda ilk marotaba PISA-2022 xalqaro tadqiqotining asosiy sinovida ishtirok etdi.

Shuni ta’kidlash joizki, ushbu tadqiqot Prezidentimizning 2019 yil 29 apreldagi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 dekabrdagi qarori, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida imzolangan 2018 yil 11 dekabrdagi “O‘quvchilarni baholash xalqaro PISA-2022 tadqiqotida ishtirok etish to‘g‘risida”gi shartnoma hamda 2021 yil 3 martdagi “Qo‘shimcha kelishuv”ga muvofiq tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, tadqiqotni O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida muvofiqlashtirish, shuningdek, ta’lim muassasalarining muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash vazifalari Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi zimmasiga yuklatilgan.

Tadqiqotni Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan PISA-2022 xalqaro tadqiqotining asosiy sinov jarayonini tashkil etishga mas’ul qilib belgilangan bosh test administratori, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Karimov Nizomiddin, yordamchi test administratorlari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti katta o‘qituvchisi Indira Pirlepesova va Lola Urazboyeva hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti informatika o‘qitish metodikasi kafedrasi assistent-o‘qituvchilari Jasurbek Urazimbetov va Zulkander Orakbayev, shu bilan bir qatorda maktab koordinatori Shavkat Tajiyev belgilangan talablar darajasida samarali tashkil etdilar.

Mazkur tadqiqot mamlakatimiz ta’lim tizimida qanday muammolar mavjudligini va bu jarayonlar natijasi sohada amalga oshiriladigan islohotlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini, shuningdek, o‘qituvchilarning maqomi va uni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab beradi. PISA – o‘quvchilarning o‘qish, ya’ni matnni tushunish, matematika va tabiiy fanlardan tashqari kreativ fikrlashi, bilim darajalarini baholashga qaratilgan xalqaro baholash dasturi bo‘lib, o‘quvchilarning maktab davrida orttirgan bilim va ko‘nikmalarini aniqlashga mo‘ljallangan.

PISA xalqaro baholash dasturi, shuningdek, o‘quvchilar munosabati va motivatsiyasi haqida qimmatli ma’lumot to‘playdi va o‘quvchilarda muammoni hal qila olish kabi ko‘nikmalarni ham baholaydi. Masalan, global ahamiyatga ega masalalarni hal etishda o‘quvchi-yoshlarning fikr-mulohazalari va ular bergan taklif, yechimlarni baholaydi. PISA – dunyo mamlakatlari o‘quv dasturlarida mavjud bo‘lgan talablar doirasida halqaro baholash dasturlarini o‘tkazishga asoslanib, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarni qo‘llash, fikrlash va muloqot qilish qobiliyatlariga e’tibor qaratadi. PISA hech qanday o‘quv dasturini belgilamaydi, targ‘ib qilmaydi yoki umumiy e’tirof etishni taqozo etmaydi. Ishtirokchi mamlakatlar ekspertlari va iqtisodchilarining fikricha, o‘quvchilarda tabiiy fanlardan o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma darajalari shakllanishi va mustahkamlanishi davlatlarning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun dastlabki muhim qadam deb hisoblanishini e’tirof etadilar.

PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxer fikricha: “O‘quv dasturlarining o‘zini o‘zgartirib qo‘yish bilan yuqori natija kutish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Buning uchun o‘qitish jarayonini, uning ishtirokchilari bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalarining dunyoqarashini o‘zgaritish lozim”. PISA dasturi mamlakatlarga ta’lim tizimi yutuq va kamchiliklari haqida o‘z vaqtida axborot berish, tegishli dasturlarning ta’sirini tahlil qilish imkoniyatini yaratib, ta’lim siyosati sohasidagi qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Ta’lim sifatini baholashga yo‘naltirilgan PISA xalqaro tadqiqotlari O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun ilk marta o‘tkazilayotganligi sababli ularni to‘g‘ri, samarali va ob’ektiv o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Buni o‘z vaqtida his qilgan maktab ma’muriyati, pedagog va texnik xodimlar tadbirning samarali o‘tishi uchun jonbozlik qilgan holda o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni to‘lig‘i bilan bajardilar.

Tadbirni xalqaro talablar darajasida tashkil qilganligi va samarali o‘tkazganligi uchun maktab jamoasi va maktab koordinatori hamda 30-sonli maktab trener-o‘qituvchisi Umida Rahimboyevaga Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi rahbari tomonidan “Tashakkurnoma” topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Amudaryo tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati ham maktab jamoasi, maktab koordinatori hamda 30-sonli maktab trener-o‘qituvchisi Umida Rahimboyevaga minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Ravshan Xolmurodov, tuman XTB TSM bo‘limi bosh-inspektor metodisti.