Qilichboy ovulidagi 34–sonli maktabda “Besh tashabbus” doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, joriy yil 5 aprel kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilish davomida Prezidentimiz tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qilichboy ovulidagi 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda “Besh tashabbus” doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Otabek Ibragimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sharafaddin Tajimuratov hamda tuman Xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida mehmonlar maktab o‘quvchilarining ijod namunalari va ularning qo‘l mehnatlari bilan yaratilgan mahsulotlarni o‘zida jamlagan ko‘rgazmani tomosha qildilar. Ko‘rgazmada o‘quvchilarning “Besh tashabbus” doirasida kitobxonlik, axborot texnologiyalari, sport, madaniyat bilan qay darajada shug‘ullanayotgani mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.

Shundan so‘ng mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktab hududida yangidan barpo qilinayotgan yashil hududga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.

So‘ngra tadbir ishtirokchilari sinfxonalarga, maktab kutubxonasi va musiqa xonasiga kirib, maktabda ta’lim-tarbiya jarayonining qay darajada tashkil qilingani va o‘quvchilarning “Besh tashabbus” doirasidagi tadbirlarga qanchalik qamrab olingani bilan yaqindan tanishdilar. O‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilayotgan intellektual o‘yinlar, texnik ijodiyotga qiziquvchi yoshlar tomonidan ishlangan turli maketlar va ishlanmalar mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash uchun eng avvalo, o‘quvchilarda yoshligidan o‘zining mahallasi va qishlog‘i hayotiga befarq bo‘lmasligi, o‘qib o‘rganib bilim olishlari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘takazishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi mas’ullari tomonidan ma’naviyat tadbirlarini muntazam o‘tkazish lozimligi va bunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va ijodiy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar birdek mas’ul ekanligi alohida ta’kidlandi.

Mahallalardagi yoshlar yetakchilari, Ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, ijodiy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar shuningdek, maktab psixologlari o‘rtasidagi faol hamkorlik bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishi alohida qayd qilindi. Qolaversa, maktab ma’muriyatiga ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi.

Shundan so‘ng tadbir “Besh tashabbus” doirasidagi chiqishlarga ulanib ketdi. Tadbir davomida iqtidorli o‘quvchilar tomonidan ijro qilingan kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev va mehmonlar o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularni ilm-fan sirlarini puxta egallab, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lishga hamda Vatanimizga xizmat qilishga chorlashdi.

Shuningdek, kitobxonlik mushoirasi, kibersport, tikish-bichish, rassomchilik yo‘nalishlarida turli musobaqalar tashkil etilib, unda o‘quvchilar faol qatnashdilar.

Shu o‘rinda aytish kerakki, “Besh tashabbus” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlardan ko‘zlangan maqsad − yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishdan iboratdir.

Tadbir yakunida musobaqalarda faol qatnashib o‘z iqtidorini namoyon qilgan barcha o‘quvchilar taqdirlandi. Shuningdek, maktabda tashkil etilgan “Barkamol avlod” to‘garagi a’zolariga tikuvchilik kasbini puxta o‘rganishlari uchun 2 ta tikuv mashinasi, musiqaga oshno bo‘lgan bolajonlarning san’at sirlarini puxta egallashlari uchun doira va rubob sovg‘a qilindi.

Ayniqsa, ushbu tadbirlarning endigina unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod hayotida joriy qilish ulardagi ijodkorlik qobiliyatlarini erta aniqlash va shakllantirishga xizmat qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati