G‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishi bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bahorning har bir kunini g‘animat bilgan dehqonlar chigit ekish ishlarini yakunlab, g‘o‘za parvarishini boshlab yuborishdi.

22 aprel kuni Choykul ovuli hududidagi “Choyko‘l-Do‘stlik” fermer xo‘jaligida 2022 yilgi hosil uchun chigit ekilgan maydonlarda g‘o‘za qator oralariga birinchi ishlov berish uchun tashkil etilgan kultivatsiya otryadlarining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Yo‘ldashev, tuman hokimi o‘rinbosari Islom Matkarimov, “Amudaryotex” mas’uliyati cheklangan jamiyati klasteri rahbari Fayzulla Sa’dullayev, sektorlar rahbarlari shuningdek, fermer xo‘jaligi raislari ishtirok etdi.

Seminar davomida tumanda faoliyat yuritayotgan 352 ta fermer xo‘jaligi maydonlarida ekilgan g‘o‘zalarni parvarishlash, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, kultivatsiya qilish, chuqur yumshatish kabi muhim jarayonlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tumanda mavjud 352 ta fermer xo‘jaligi maydonlarining 13 ming 900 gektar maydonida chigitlar ekilgan. Ayni kunlarda chigitlar unib chiqqan maydonlarda agrotexnik tadbirlar boshlab yuborilgan.

“Choyko‘l-Do‘stlik” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan seminarda maydonlarda o‘qariqlarni olish, suvdan tejamkor foydalanish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni bajarish tartibi batafsil tushuntirildi.

Shuningdek ishchilarga, eng avvalo, mexanizatorlarga barcha shart-sharoitlarni yaratish, oyliklarini o‘z vaqtida yetkazib berish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ekilgan g‘o‘zalarni parvarishlash vaqtida sug‘orish, begona o‘tlardan himoya qilish, mineral o‘g‘itlar bilan vaqtida oziqlantirib borish yaqin oylar ichida fermer xo‘jaliklari oldida turgan eng muhim va dolzarb vazifalar ekani qayd etildi. Ayniqsa, urug‘chilik xo‘jaliklarida bu masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Boisi, kelgusi yil paxta hosilining mo‘l va sifatli bo‘lishi bu yil yetishtiriladigan urug‘likning sog‘lom va talabga javob beradigan bo‘lishiga bog‘liq.

Seminarda ta’kidlanganidek, fermer xo‘jaligi maydonlarida bir tekis unib chiqqan g‘o‘za nihollari azotli, fosforli, kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, navlarning tozaligi va sifatli o‘sishi uchun zarur kuch va vositalar to‘liq yo‘naltirilgan taqdirdagina mo‘l paxta hosili olish mumkin.

Seminar davomida g‘o‘za parvarishi bilan bir qatorda, g‘allachilik va pillachilik bilan bog‘liq masalalar ham tuman sektorlar rahbarlari va mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi va amalga oshirish lozim bo‘lgan masalalar kelishib olindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati