QUMYOP MFYDA TUMAN TIBBIYOT BIRLASHMASI BOSH SHIFOKORI AHOLI SOG‘LIG‘INI SAQLASH BO‘YICHA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR XUSUSIDA HISOBOT BЕRDI

Туман янгиликлари

Shu yilning 18 martida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan ochiq muloqotida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan shifokorlar mehnatiga yuksak baho berish barobarida sohada hali qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarga ham keng to‘xtalgan edi.

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi tumanimizda ham “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ijrosiga qaratilgan sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Tuman Tibbiyot birlashmasida bu borada “Yo‘l xarita” ishlab chiqilib, shu asosda ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra, joriy yilning 23 aprelida Qumyop mahallasida tuman Tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Faxriddin Abdullayev aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida mahallada olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Tadbirga mahalla faollari, nuroniylar va tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar. 39-sonli maktab faollar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirni mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumaboy Matyoqubov ochdi va olib bordi.

Tuman Tibbiyot birlashmasi bosh shifokori kun tartibidagi masala yuzasidan so‘zga chiqdi. U o‘z ma’ruzasida mahallada sog‘liqni saqlash borasida olib borilayotgan ishlarga keng to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, tuman markazidan olisda joylashgan Qangli ovuli hududidagi Qumyop mahallasi aholisiga tibbiy xizmatdan foydalanishda qulaylik yaratish uchun konteyner qo‘yilib, 3 ta aholi punktlaridagi 1921 nafar aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Qumyop mahallasida jami 4341 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga Qangli ovulida joylashgan Qangli oilaviy shifokorlik punkti orqali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Mahallaning eng olis hududi ushbu punktdan 14 kilometr masofada joylashganligi uchun joriy yilning 1 choragida tuman Tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli poliklinikasi tor doira mutaxassislari ishtirokida mahallaning chekka hududlarida tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklarga jami 4221 nafar aholi qamrab olindi. Ko‘riklar davomida 17 ta xonadonda uyda yotib qolgan nogironligi bor bemorlar aniqlanib, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida 3 nafar fuqaroda o‘t-tosh kasalligi aniqlanib, ular jarrohlik amaliyoti bilan davolandi. Hududdagi 39-sonli, 61-sonli, 74-sonli maktablar o‘quvchilari, 44-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari 100 foiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

2021 yilgi xatlov natijasiga ko‘ra Qumyor mahallasi bo‘yicha 583 nafar aholi dispanser nazoratida turadi. Shularning 86 nafari nogironligi bo‘lgan fuqarolar bo‘lib, tibbiyot xodimlari ulardan muntazam xabar olib turadi. Joriy yilda mahallada 20 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Bolalar, onalar o‘limi qayd etilmadi. Shu yilning o‘tgan uch oyida jami 238 nafar bolalar profilaktik emlandi.

Bosh shifokor hisobotidan so‘ng tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyev, Qangli oilaviy shifokorlik punkti mudiri Zamira Saparova, Qumyop mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumaboy Matyoqubovlar kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Mahalla fuqarolaridan Rayhon Yusupova, Sapargul Eshmonova, Robig‘a G‘oyibnazarovalar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan mamnunligini izhor etdilar.

Shuningdek, tuman Tibbiyot birlashmasi bosh shifokorli Faxriddin Abdullayev ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdi hamda kelgusida tibbiy xizmat hajmi va sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rilishini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda tuman Tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda belgilab bergan vazifalarini Qumyop mahallasida ijro qilish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari qoniqarli deb topildi.

O.RAJABOVA.