Mahallalardagi xotin-qizlar faollarining ish faoliyatini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Prezidentimizning joriy yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.

Qarorga ko‘ra, mahallalardagi xotin-qizlar faollari lavozimlariga nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilindi. Bugun Amudaryo tumanida mavjud 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining har biriga mahalladagi xotin-qizlar faoli tayinlangan.

Nomzodlar mahalladoshlari orasida hurmat-e’tiborga ega, har jihatdan ayol-qizlarga namuna bo‘la oladigan salohiyatli kadrlar orasidan tanlab olingan. Yangidan joriy qilingan tizim asosida o‘z faoliyatini boshlagan ayol-qizlar oldida bugun g‘oyat mas’uliyatli vazifalar turibdi.

25 aprel kuni xotin-qizlar faollari faoliyatini samarali tashkil etish hamda zaruriy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Nukus davlat pedagogika instituti huzuridagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan Amudaryo tumani iqtidorli bolalar maktabi binosida 2 kunlik o‘quv-seminarlar tashkil qilindi.

Seminarda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova va boshqalar so‘zga chiqib, ayol-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, xotin-qizlar faollariga ish faoliyatlarida muvafaqqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng trener Gulzira Prniyazova tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati batafsil tushintirildi. Shuningdek, xodimlarning ish faoliyatini samarali tarzda tashkil etishlari bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berilib, e’tibor qaratishlari lozim bo‘lgan jihatlar, oldinda turgan  muhim vazifalar, yordamga muhtoj ayol-qizlarning muammolarini tizimli hal etish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mahallalarda “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohatlar alohida e’tirofga loyiq. Cababi, mahallalarda yangidan joriy qilingin hokim yordamchilari − kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga, yoshlar yetakchisi − yoshlar siyosati va yoshlar balansiga, xotin-qizlar faoli esa − ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishi bilan ishlashga javob beradi.

Mahallalarda yaratilgan ushbu yaxlit tizim orqali har bir fuqaroning muammolari tizimli ravishda hal etiladi.

Bugun ayol-qizlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik har qachongidan ham oshgan. Sababi, Vatan taqdirini belgilovchi yosh avlodning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari aynan oiladagi muhitga va oqila ayol-qizlarimizga bog‘liq.

Xotin-qizlarimizning hamda butun xalqimizning ishonchli vakillari sifatida o‘z faoliyatini boshlayotgan mahallalardagi xotin-qizlar faollarining kelgusidagi ish faoliyatlarida muvaffaqiyat tilaymiz!

Tuman hokimligining Axborot xizmati