JO‘QORG‘I KЕNGЕSDAGI O‘ZBЕKISTON XDP FRAKSIYASI RAHBARI XALILLA YESHIMBЕTOV AMUDARYO TUMANIGA TASHRIF BUYURDI

Туман янгиликлари

Hozirgi kunda mamlakat hududida boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga davlatimiz tomonidan sharoit va qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ularning bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka o‘rgatish hamda ularga subsidiya va imtiyozli kreditlar davlatimiz tomonidan ajratilmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham ushbu toifadagi fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.

22 aprel kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov Amudaryo tumaniga tashrif buyurib, tuman partiya Kengashi hamda Xalq deputatlari tuman Kengashidagi deputatlik guruhi faoliyati bilan tanishdi.

Tuman hokimligida shu maqsadda o‘tkazilgan yig‘ilishda partiya mas’ullari va faollari, deputatlar ishtirok etdilar. Yig‘ilish davomida o‘tgan davr mobaynida partiya tuman Kengashi hamda deputatlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan tegishli chora-tadbirlar, amaliy ishlar xususida so‘z yuritildi. Shundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kengesdagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov bu borada fikr-mulohazalarini ma’lum qilib, o‘z takliflarini kiritdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi lavozimiga tayinlangan Eshmanov Mahmud Egamberganovichni tabrikladi. Undan tashqari, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini aholi orasida keng targ‘ib qilish, amalga oshirish borasidagi muhim vazifalar xususida keng to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishdan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan e’lon qilingan deputatlarning o‘z saylovchilari bilan ishlashning dolzarb o‘n kunligi doirasida partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, deputatlar guruhi rahbari Maqsud Sa’dullayev bilan birgalikda Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va uni Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan Davlat Dasturi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi sessiyalarida qabul qilingan Qonunlar hamda qarorlarning mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi. Shu bilan birga hududdagi aholi muammolari o‘rganilib, tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Shundan so‘ng, partiya mas’ullari Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro  Hamida Otajonovaning uyida tashkil qilingan tikuvchilik sexiga tashrif buyurdi. Hamida Otajonova 32 mln 800 ming so‘m miqdorida kredit olib, o‘zi bilan yana mahalladagi 4 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlagan. Mas’ullar sexdagi ayollar faoliyati bilan tanishib, kelgusidagi rejalarini muxokama qilishdi hamda ishlarini yanada kengaytirishni tavsiya qilishdi.

Tadbir so‘ngida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari tashkil etildi. Partiya mas’ullari Bo‘ston mahallasi hududiga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazib, yashil hududlar kengayishiga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

M.Sa’dullayev, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.