
Qadriyatlar – har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini oynadek ko‘rsatib turuvchi eng muhim omillardan biri.
Milliy qadriyatlar har bir millatning tili, urf-odatlari, tarixi, madaniyati, an’analarini, barcha moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Har bir millatning madaniyati va urf-odatlarini hurmat qilish millati tili va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar qonun oldida tengligini ta’minlash lozimligi bosh qomusimizda ham belgilab qo‘yilgan.
Shu ma’noda, yoshlar qalbida qardosh millat va elatlarning urf-odatlarini hamisha hurmat qilish va ularga do‘stona munosabatda bo‘lishdek ezgu ishlarni yanada chuqur singdirish borasida ko‘plab say-harakatlar qilinmoqda. Yoshlarni qardosh millat vakillarining boy tarixiy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil qilinayotgan ko‘rgazmali seminarlar ham shular jumlasidandir.
22 aprel kuni Amudaryo tumanining Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi Mehnatkash aholi punktida joylashgan gilamdo‘zlik sexida ham shu maqsadda ko‘rgazmali seminar tashkil qilindi.
Unda tuman hokimining o‘rinbosari Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va maslashtirish namunali tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, mahalla faollari hamda ovul hududida joylashgan umumta’lim maktablarning o‘quvchi qizlari ishtirok etishdi.
Seminar davomida bejirim gilamlar to‘qish orqali o‘z milliyligini aholi orasida keng targ‘ib qilayotgan ayol-qizlarning mehnatlari alohida e’tirofga loyiq ekanligi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, hududda istiqomat qilayotgan ayol-qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan 5 ta xonadonga to‘qish stanogini o‘rnatib berilib, gilam to‘qish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar va boshqa to‘qish uskunalari bilan ta’minlandi. O‘tgan yilning bahor oylarida faoliyat boshlagan gilamdo‘zlik sexlarida ayni paytda biri-biridan chiroyli gilam va paloslar to‘qilib, xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
Qadimdan ma’lumki, qardoshlarimizning an’anaviy gilamdo‘zligi qo‘l mehnatiga asoslanadi. Gilamlarda rang-barang naqshlar, manzaralar, ushbu xalq milliy qadriyatlari, an’analari, mahalliy hayvonot va nabotot olami tasvirlanadi. Ushbu kasb asrlardan asrlarga, avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgani uchun ham juda qadrlanadi. Ko‘rgazmali ceminar davomida o‘quvchi qizlar ham darsdan bo‘sh vaqtlarida gilam to‘qish sirlarini o‘rganishni niyat qildilar.
Amudaryo tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbir doirasida ovul hududida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 dan ortiq xotin-qizlar uchun psixologik trening mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.
Unda ayollar psixologiyasi hamda sog‘lom va mustahkam oilaning asoslari, xotin-qizlar o‘rtasida uchrayotgan turli noxush holatlarning oldini olish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Ruhiy tushkunlikka tushib qolgan ayollar bilan individual suhbatlar olib borilib, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishga qaratilgan tavsiyalar berib o‘tildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati