Amudaryo tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi faoliyatiga bir nazar

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda o‘rta maxsus professional ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar o‘sib kelayotgan yosh avlodda intellektual qobiliyatlar va kasbiy bilimlarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Amudaryo xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji negizida Amudaryo tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi qayta tashkil qilindi.

Ta’lim muassasasi YUNЕSKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Xalqaro standart tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan kadrlar tayyorlaydi.

Mazkur o‘quv maskani 360 nafar o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib muassasada faollar zali, sport zali va sport maydonchalari, 150 o‘rinli o‘quv ishlab chiqarish ustaxonasi mavjud.

Shuningdek, axborot kutubxona kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlangan bo‘lib, Ziyonet.uz axborot tarmog‘iga hamda optik tolali internet tolalariga ulangan. Shuningdek kutubxonada 8 ming 860 dona ilmiy va badiiy adabiyotlar fondi mavjud bo‘lib bilimga chanqoq yoshlar undan samarali tarzda foydalanishmoqda.

Undan tashqari, 2-sonli kasb-hunar maktabida fizika, kimyo, biologiya, labarotoriyalari va avtomobillarni ta’mirlash, chet tillari lingafon xonalari, tikuvchilik, chizmachilik maxsus xonalari shuningdek, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, yo‘l harakati qoidalari, payvandlovchi, gaz va suv tizimlarini ta’mirlash, tikuvchilik, elektrotexnika apparatlarini ta’mirlash, oshpaz va qandolatchi, ustaxonalari mavjud o‘quvchi-yoshlar malakali ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalarini mana shu ustaxonalarda amaliyotda qo‘llab o‘z tajribalarini oshiradilar.

Joriy yilda kasb-hunar maktabida avtomobillarni ta’mirlash chilangari, avtomobil yurish qismlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash chilangari, tikuvchi,payvandlovchi, gaz va suv iste’mol nazoratchi operatori, oshpaz, qandolatchi, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori, kasblari buyicha 377 nafar o‘quvchi yoshlar o‘qitilmoqda. Ularga 24 nafar malakali o‘qituvchi va 13 nafar ishlab chiqarish ta’lim ustalari ta’lim tarbiya berib kelmoqdalar.

Bundan tashqari kasb-hunar maktabida 20 ta fan va sport to‘garaklari tashkil qilingan bo‘lib, har bir o‘quvchi o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini oshirib kelmoqdalar.

Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tumanimizdagi 17 korxona va tashkilotlarda amaliyot davrini o‘tamoqdalar.

Ta’lim muassasasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘lib, bu borada yerishilayotgan yutuqlar alohida e’tirofga sazavor.

Ayrim o‘quvchilar o‘zining tanlagan kasbi bo‘yicha ustozlaridan ta’lim olib o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan. Ularga maktabning malakali ustozlari tomonidan doimiy ravishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib tavsiyalar berib kelinmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, bugungi kunda yoshlarning bandligini ta’minlash va kasb-hunar egallashlariga imkon yaratish dolzarb masala bo‘lib turgan bir vaqtda kasb-hunar maktablarining faoliyati samarali tashkil etilayotgani quvonarli holdir. Amudaryo tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi jamoasi ham bu borada yuqori natijalarga erishishni o‘z oldlariga maqsad qilib qo‘yganlar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati