
Mamlakatimizda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida izchil ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab olinib, shu asosda manzilli ravishda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularni qayta ta’mirlash va tiklash, ularni imkoni boricha asl ko‘rinishida saqlab qolishni ta’minlash, mazkur ob’ektlarning atroflarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amudaryo tumanida ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashi va Amudaryo tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida tuman hududida joylashgan madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, atroflarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ularning asl holatini saqlab qolgan holda tiklash-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilayotgani o‘z natijasini bermoqda.
Xususan, mustaqillik yillarida Amudaryo tumani hududidagi 9 ta madaniy meros ob’ektida qayta tiklash va ta’mirlash ishlari bajarilib, asl holati saqlab qolinishiga erishildi. “Chilpiq” qal’a qo‘rg‘oni, “Hoji Eshon bobo” ziyoratgohi, “Tosh madrasa” tarixiy obidasi, “Nazarxon Ding minorasi”, “Xo‘janiyoz biy madrasasi”, “Bes to‘be” kabi obidalarda amudaryolik tadbirkorlar va ko‘ngilli saxovatpesha yurtdoshlarimiz, qolaversa, Amudaryo tumani hokimligi ko‘magi bilan keng miqyosli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Natijada mazkur madaniy meros ob’ektlari xalqimiz uchun ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega ziyoratgohlarga aylandi.
25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi tomonidan yana bir xayrli tadbir amalga oshirildi. Mang‘it shahridagi “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidida Amudaryo tumani hududida mavjud bo‘lgan barcha madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularning asl qiyofasini saqlagan holda ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish va har bir madaniy meros ob’ektining atrofini obodonlashtirishga qaratilgan saxovat aksiyasi o‘tkazildi.
Saxovat aksiyasi tadbirida xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Oybek Begimov, Amudaryo tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 16-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari, “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi qavmi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Aksiya doirasida partiyaning Amudaryo tuman Kengashi mas’ullari, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Oybek Begimov, shuningdek, “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi mas’ul diniy ulamolari o‘quvchi-yoshlarga mazkur masjid tarixi, Yusuf Eshon bobo hayoti va tumanimizdan yetishib chiqqan ushbu diniy ulamoning ezgu fazilatlari xususida so‘zlab berdilar.
Shu bilan birga tuman hududidagi madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, ularning tarixini o‘rganish, milliy ma’naviyatimizga, xalqimiz uchun aziz bo‘lgan bebaho urf-odat,an’ana va qadriyatlarimizga hurmat va e’tibor ko‘rsatish har birimizning zimmamizdagi mas’uliyatli burch ekanligini ta’kidladilar.
Aksiya davomida “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirildi.
Bo‘lib o‘tgan aksiya o‘quvchi-yoshlar qalbida madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, ularga hurmat nazari bilan qarash tuyg‘ularini uyg‘otib, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga nisbatan mehr-muhabbat hissini yanada mustahkamladi.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.