YOSHLAR O‘RTASIDA MINI FUTBOL BO‘YICHA DXX BOSHLIG‘I KUBOGI MUSOBAQALARINING TUMAN BOSQICHI G‘OLIBLARI ANIQLANDI

Туман янгиликлари

Ma’lumki, aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun sportning mini futbol va futbol turlari bo‘yicha musobaqalarga start berilgan edi.

Mazkur musobaqalar Amudaryo tumanida ham yuksak saviyada tashkil etildi. Jumladan, 5 aprel kuni Chordara mahallasi hududida joylashgan sun’iy qoplamali mini futbol maydonida Davlat xavfsizlik xizmati boshlig‘i kubogi uchun musobaqalarning ochilish marosimi o‘tkazildi. Ochilish marosimida Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ishtirok etdi va musobaqada qatnashuvchi jamoalarga omad tiladi. Shuningdek, musobaqaning ochilish marosimida Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi rahbari, sektorlar rahbarlari,  hokim o‘rinbosarlari, Sportni rivojlantirish bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani bo‘limi, Bolalar-o‘smirlar sport maktabi va Amudaryo tuman Madaniyat bo‘limi mas’ullari qatnashdi.

Musobaqalar 7 aprel sanasida Yangiobod va Olmazor mahallalari hududidagi sun’iy qoplamali mini futbol maydonlarida davom etirildi. Unda tumanimizdagi 1-sektorga qarashli mahallalar mini futbol jamoalari o‘zaro bellashdilar. Musobaqada jami 120 nafar sportchi yoshlar qamrab olinib, musobaqa yakunida Nazarxon ovulining yosh mini futbol jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.

Shu kuni Yangiobod mahallasi hududida joylashgan matematika faniga ixsoslashgan maxsus maktabning sun’iy qoplamali mini futbol maydonida 2-sektorga qarashli mahallalar sportchilari jamoalari o‘rtasidagi mini futbol musobaqalar ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Mazkur musobaqada sektor hududida yashovchi 170 nafar yoshlar qamrab olindi. Musobaqa yakunida Farovon mahallasi jamosi 1-o‘rinni egalladi va keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Davlat Xavfsizlik xizmati boshlig‘i kubogi musobaqalari 8 aprel kuni Do‘stlik mahallasi hududidagi mini futbol maydonida do‘stona va samimiy ruhda davom etdi. Unda 3-sektorga qarashli mahalla jamoalari o‘zaro kuch sinashdilar. Musobaqada sektor hududida yashovchi 120 nafar yoshlar qamrab olinib, yakunida Kuyuk ko‘pir ovuli sportchilari jamoasi keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Musobaqalar 8 aprel kuni Yangiobod mahallasi hududida joylashgan matematika faniga ixsoslashgan maktabning sun’iy qoplamali mini futbol maydonida davom ettirilib, unda 4-sektorga qarashli mahallalar mini futbol jamoalari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi va musobaqada jami 80 nafar yoshlar qamrab olindi. Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakunida Bo‘ston mahallasi jamoasi 1-o‘rinni egalladi va musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Musobaqlarning tuman final uchrashuvlari 27 aprel kuni o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra 1-o‘rinni Bo‘ston mahallasi, 2-o‘rinni Kuyuk ko‘pir ovuli, 3-o‘rinni Farovon mahallasi jamoalari egallashdi.

Bo‘lib o‘tgan musobaqalar yakunida Amudaryo tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyev, Yoshlar ishlari Agentligi Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov va boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, sport turlarining ommaviyligini oshirish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdilar.

Musobaqalar yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Risolat IBRAGIMOVA, amunews.uz jamoatchi muxbiri.