“Besh muhim tashabbus” doirasidagi olimpiadalar yuqori saviyada o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yilning mart oyida “Besh muhim tashabbus” ilgari surildi. Bu – yoshlarni madaniyat, san’at va sportga keng jalb etish, ularda zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Respublikamiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazilmoqda.

Jumladan Amudaryo tumanida mavjud 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Zukko kitobxon” tanlovining mahalla bosqichi o‘tkazilib unda 250 ta jamoa vakillari ishtirok etdilar.

25 aprel kuni O‘rta qal’a hamda Qilichboy ovul fuqarolar yig‘inida “Zukko kitobxon” tanlovining mahalla bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda “Alpomish”, “Buyuklar”, “Zukkolar”, “Donolar” jamoalari ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Tanlov shartlari tajribali ekspert va hakamlar tomonidan odilona baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Alpomish” jamoasi sektor bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shu kuni Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham tanlovning mahalla bosqichi o‘tkazildi. Unda ovul aholisi yoshlaridan iborat “Istiqlol”, “Jayhun” “Bilimdon”, “Amudaryo” jamoalari qatnashishdi. O‘quvchi yoshlar jahon hamda o‘zbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan savollar asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. “Jayhun” jamoasi yoshlari o‘z tengdoshlarini ortda qoldirib birinchi o‘rinni hamda tanlovning sektor bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, yoshlarga bo‘lgan e’tibor bugun har qachongidan ham kuchaygan sababi ertangi kun taqdiri Vatan koriga yaraydigan barkamol o‘g‘il-qizlar qo‘lidadir. Ularni turli yot g‘oyalarga ergashib ketmasligi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari doimo diqqat markazida bo‘lgan. Shu ma’noda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha ilgari surilayotgan “Besh muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

26 aprel kuni Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limida sportning shaxmat turi bo‘yicha “Yoshlar ishlari agentligi kubogi”ning sektor bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Raqiblar uchrashuvi shiddatli va murosasiz kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra 1 sektordan Jahongir Aminov, Ziyoda Sa’dullayeva, 2-sektordan Azimjon Pahimov, Durdona Rahimova, Rahmatjon Rahimov, 3-sektordan Og‘abek To‘rayev, Kamola Qadaboyeva, Rayxon Shamuradova va 4-sektordan Suhrob Maqsudov, Mashxura Rajapovlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Sektor bosqichida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilar tuman bosqichi uchun shaxmat donalarini suradi.

Shu kuni Beruniy mahallasi hududidagi “Istiqlol” to‘yxonasida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi “Bilim ring” intellektual klubi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda intellektual o‘yinning tuman birinchiligi o‘tkazildi.

Turnirda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan havaskor bilimdonlar qatnashishdi. Tuman birinchiligida ishtirok etgan 42 ta jamoa bir-birlariga munosib raqib ekanligini amalda isbotladilar.

Turnir ko‘tarinki ruhda va murosasiz tarzda kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Oq oltin ovuli jamosi 1-o‘rinni, Navoiy mahallasi jamoasi 2-o‘rinni, Namuna mahallasi jamoasi 3-o‘rinni egalladilar. Fahrli o‘rinni egallagan jamolar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan diplom hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Shu kuni tumanimizning Chordara mahallasi hududidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida stol tennisi bo‘yicha sektor bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar 16-21, 22-26, 27-30 yosh toifasida kuch sinashdilar. Musobaqa hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholab borildi.

Musobaqada g‘olib bo‘lgan 20 nafar ishtirokchi tuman bosqichishga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Kun bo‘yi davom etgan barcha musobaqalar yoshlarda o‘zgacha tassurot hamda sportga bo‘lgan ishtiyoqni uyg‘otdi. Aslida maqsad ham shunday. “Besh muhim tashabbus” doirasidagi musobaqalar yangi qobiliyatlarni kashf yetishda hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati