To‘lqin ovulida hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Yoshlar muammolarini tinglash, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida bugungi kunda yurtimizda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar sohasini o‘z kun tartibidagi bosh vazifa sifatida belgilagan holda, mamlakatimizning barcha hududlarida, mahalla va qishloqlarda yoshlar bilan sayyor qabul va uchrashuvlar tashkil etishib, ularning o‘z maqsad va intilishlari yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga ko‘maklashmoqdalar.

28 aprel kuni Amudaryo tumani To‘lqin ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” ham shu kabi maqsad va vazifalarga qaratildi.

Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirokida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda 29 nafar yoshlar o‘z muammo va takliflari bilan ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarga murojaat qilib tumanimizdagi yoshlarning intilishlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligini takidlandi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda o‘sib kelayotgan avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. “Besh muhim tashabbus”ning har bir yo‘nalishini tumanda tizimli amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida, rasmiyatchilikdan holi, ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Yoshlar o‘zlarining qiziqishlari, oldiga qo‘ygan rejalari haqida, duch kelayotgan muammo va to‘siqlar haqida tuman hokimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar olishdi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan og‘zaki murojaatlar shu yerning o‘zida qanoatlantirildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov so‘zga chiqib, yoshlarga bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari lozimligini, kasb-hunar egallab bilim olishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, ilm-ma’rifatning inson hayotidagi ahamiyati haqidagi fikrlarga to‘xtalib, bularning barchasi isbot talab qilmaydigan haqiqat ekanligini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng yoshlarning muammolari va takliflari atroflicha tinglandi. Murojaatlar mazmuni asosan imtiyoli kredit ajratilishi, haydovchilik guvohnomasiga o‘qishda subsidiya ajratilishi bo‘yicha bo‘ldi.

Murojaatlar belgilangan muddatda va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan soha mas’ullariga topshiriqlar berilib, muddatlar belgilandi.

Yoshlarining hayotiy qiziqishlarini o‘rganish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam berish maqsadida o‘tkazilgan hokim va yoshlar uchrashuvi barcha yoshlar dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati