Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda biznesni yanada qo‘llab-quvatlash, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, sohaga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar sababli ularning faoliyatiga aralashishlar keskin kamaytirildi.

Bu borada tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonunuiy manfaatlarini himoya qilish, jumladan byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etishning tezkor choralarini ko‘rish, noqonuniy tekshirishlarni oldini olish maqsadida Biznes-ombudsman instituti samarali faoliyat yuritmoqda.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, Biznes-ombudsman o‘z faoliyatida davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganadi.

29 aprel kuni tadbirkorlarning muammo va takliflarini tinglash, tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Amudaryo tumaniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini hamoya qilish bo‘yicha vakili Kasimov Dilmurod Sultanmuratovich tashrif buyurdi hamda tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Nurullan Yerlepesov tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Qabul davomida “MANGIT INVEST PLYUS”, “Amudaryo tomorqa xizmati”, “Dilnura Elmira Kitchen”, Nukus logistika “Mang‘it o‘rta qala chorvadori” “Amudaryo Maxsus Qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa turli tadbirkorlik sub’ektlaridan hamda jismoniy shaxslardan jami 16 ta murojaat kelib tushdi.

 Murojaatlar tegishli soha vakillari bilan muhokama qilindi. Hamda tez orada hal qilinishiga kelishib olindi.

 Qabul davomida nazorat qiluvchi organlar mas’ul xodimlari tomonidan qonun hujjatlariga qat’iy rioya etish, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi idoralar tomonidan belgilangan talablar darajasida ish olib borilishi qonuniylikni ta’minlashga, tadbirkorlarning davlat organlariga nisbatan ishonchi ortishi va o‘z navbatida iqtisodiyotdagi ulushining yanada ko‘payishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Sayyor qabul yakunida tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularning takliflari asosida kelgusida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy va huquqiy masalalar belgilab olindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati