Odam savdosi, majburiy mehnat hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Amudaryo tumanida ham ushbu illatlarga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

13 may kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida odam savdosi,  majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Amudaryo tumani hokimi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Amudaryo tumani komissiyasi raisi Sultonboy Yo‘ldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyasi mas’ul kotibi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengasi deputati Zuhra Reimova, hududiy komissiya a’zolari hamda tuman komissiya a’zolari, hokimlik mas’ul xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Yig‘ilishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Amudaryo tumani komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining 2022 yil birinchi yarim yillik ish rejasiga asosan tumanda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Yig‘ilish davomida hududiy komissiya mas'ul kotibi Zuhra Reimova kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining 2022 yil birinchi yarim yillik ish rejasiga asosan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy Kengashlar o‘z hududida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, sohaga oid davlat dasturlarining amalga oshirilishini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuzilma hisoblanishi, tuzilma vazifasiga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining amalga oshirilishini ta’minlash, sohadagi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, aholining huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiya holati va tendensiyalariga doir axborotni yig‘ish va tahlil qilish, aksilkorrupsiya choralari bo‘yicha monitoring hamda sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish kabi bir qancha vazifalar yuklatilgani, hamda ushbu rejalarga muvofiq  tumanlarda qanday ishlar tashkil qilinganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati