Shermonovlar oilasi “Vatanparvar oila” nominatsiyasi sohibi bo‘ldi

Туман янгиликлари

Oilalarni mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ma’naviy-ahloqiy muhitni yaxshilash, farovonlik darajasini oshirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur farmonga ko‘ra, “2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.

Unda xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, oilalarni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar, jumladan, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish belgilangan.

 Amudaryo tumanining Jumurtov shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Shermonovlar oilasi ham ushbu ko‘rik-tanlovda munosib ravishda ishtirok etishdi.

Dastlab, mahallada so‘ngra tuman miqyosida ibratli oila sifatida e’tirof etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Vatanparvar oila” nominatsiyasi sohibi bo‘lgan ushbu oila haqiqatdan ham tumanimizdagi yosh oilalarga har tomonlama namuna bo‘lib kelmoqda.

Oila ustuni Shermanov Bahrom 1973 yilda ziyoli oilada dunyoga keldi. U o‘rta maktabni 1990-yilda tugatib, Qozog‘iston Davlat Universitetiga o‘qishga kirgan. Mazkur Universitetni 1996-yili tugatib, “Jumurtov Farfared” tosh maydalash koni rahbari lavozimida ish faoliyatini boshladi. 1998-yilda turmush o‘rtog‘i Nilufar Saidova bilan oila quoishdi. Ushbu oila 24 yildan buyon ahil va inoq bo‘lib tinch-totuvlikda yashab kelishmoqda.

Bahtli oilaning 3 nafar qizi va bitta o‘g‘li bor.

To‘ng‘ich farzandi Farida Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy filologiya fakul’tetida 4-kurs talabasi, ikkinchi farzandi Anora esa, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2-bosqich talabasi, uchinchi farzand Shoira ham katta opasi Faridaning izidan ergashib, xorijiy til fakul’tetiga o‘qishga kirdi. Kenja farzand Dilshodbek esa, 86-sonli umuta’lim maktabining 10-sinfida tahsil oladi.

Jumurtov shaharcha fuqarolar yig‘ini tuman markazidan uzoqda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan ota-ona farzandlarining uqib bilim olishi va kasb-hunar egallashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan.

Oila boshi Bahrom Shermonov 2016 yildan buyon Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati sifatida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli bilan doimiy hamkorlik qilib, mahalla hududidagi kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj aholiga o‘z yordamini ko‘rsatib kelmoqda.

Deputat o‘z faoliyati davomida saylov okrugi hududidagi 3 ta maktabning ta’mirlanishida o‘zining moddiy yordamini ko‘rsatib, mahalladoshlarining yuksak hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Aholidan kelib tushayotgan turli mazmundagi murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga  deputat so‘rovi bilan murojaat qilib, ko‘plab muammolarning hal qilinishiga erishdi.

Turmush o‘rtog‘i Nilufar Saidova hozirgi kunda 43-sonli umumta’lim maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. O‘z hamkasblari va o‘quvchilar orasida fidoiy va mehribon ustoz sifatida tanilgan, maktab jamoasining doimiy hurmat va e’tiborida bo‘lgan ayol, o‘quvchilarini o‘z farzandlaridek ko‘radi. Ularga ta’lim va tarbiya berishdan hech ham charchamaydi.

Turmushning eng yaxshi va ibratli udumlari, an’analari, hayot sinovidan o‘tgan talab va taqozolari asosiga qurilgan ushbu oila ishonamizki, hali uzoq yillar yosh oilalarga ibrat va namuna bo‘lib qoladi.

Niyatimiz, har bir oila ma’naviy sog‘lom, baxtli va xotirjam hayot kechirsin. Oila bag‘rida ulg‘ayayotgan farzandlar komil inson sifatida voyaga yetib, davlatimizning kuchiga kuch, qudratiga qudrat qo‘shaversin.

 Zero, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekan, uning mustahkam bo‘lishi, farovonligi davlatimiz va jamiyatimiz ravnaqiga xizmat qilishi, shubhasizdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati