Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi qonun talablari asosida o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Mahalla instituti o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida ma’lum bir hududdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy, diniy va boshqa masalalarda mustaqil ish olib boruvchi ijtimoiy tuzilma hisoblanadi. Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga doir ishlar yuqori saviyada tashkil etildi.

16 may kuni tuman hududida ham fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylovlar jarayonlari boshlab yuborildi. Jumladan, O‘rtaqal’a ovulida ham fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida saylov jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Amaldagi tartib asosida ko‘cha va guzarlarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda fuqarolar yig‘ini raisligiga shu ovulda obro‘-e’tiborga ega, qonunchilikda belgilangan talablarga mos bo‘lgan nomzodlar ko‘rsatilib, tuman hokimi tomonidan Zamira Eshmuradova hamda Hayitboy Qutlimurodovlarning nomzodlariga kelishim berilgan. O‘tkazilgan saylovda fuqarolar yig‘ini raisligi uchun qo‘yilgan ikki nafar nomzod vakillar yig‘ilishiga kelganlarni o‘z dasturi bilan tanishtirdi.

O‘rtaqal’a ovulida fuqarolar vakillari yig‘ilishida ishtirok etish uchun hovli, uy, ko‘chalardan 360 nafar vakillar saylangan edi. Nomzodlar vakillarni o‘z dasturlari bilan tanishtirganlaridan so‘ng, barcha vakillar o‘z vakolatlaridan foydalanib, o‘zlari ma’qul deb bilgan nomzodga ovoz berdilar. Ovoz berish jarayonida 360 nafar vakillardan 245 nafari qatnashdi.

Aytib o‘tish kerakki, Amudaryo tumanida 2 ta shaharcha, 16 ta ovul va 31 ta mahalla jami 49 ta fuqarolar yig‘inlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning barchasida 2022 yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilanib, 25 banddan iborat tadbirlar rejasi hamda 19 kishidan iborat fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

  29-30 mart kunlari saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha fuqarolar vakillarining yig‘ilishlari o‘tkazildi hamda har bir  fuqarolar yig‘inida 7 kishidan iborat ishchi guruhlar tuzilib, ularning tarkibi tasdiqlandi.

Amudaryo tumanida saylov yoshiga to‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizi miqdorida hovlilar, uylar, ko‘chalar va aholi punktlari bo‘yicha jami 15 ming 75 nafar fuqarolar vakil sifatida saylandi.

Tumanda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi 26 tasi maktab binosida,  3 tasi kasb-hunar maktablari va texnikumlar binosida, 1 tasi Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida, 1 tasi korxona va tashkilot binosida, 11 tasi to‘yxonalar binosida va 1 tasi mahalla guzarida va 6 tasi Madaniyat muassasalarida o‘tkazilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonuni talablariga asosan, mahallalardagi Ishchi guruhlar tomonidan har mahalladan 2-3 nafardan jami 147 nafar nomzodlar tavsiya etilgan.

O‘rtaqal’a ovulida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisligiga nomzodi qo‘yilgan Zamira Eshmuradova saylovda ishtirok etgan vakillarning 24 foiz, Hayitboy Qutlimurodov 74 foiz ovozini to‘plashdi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan Hayitboy Qutlimurodov ovul fuqarolar yig‘ini raisligiga saylandi.

Raislikka saylangan Hayitboy Qutlimurodov bor kuch va bilimini ovul obodligini ta’minlashga, hududni rivojlantirishga sarflashga so‘z berib, nomzodini qo‘llab-quvvatlagan, ushbu mas’uliyatli vazifani ishonib topshirgan ovuldoshlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Ozoda Xudoyberganova.