Qipchoq ovul fuqarolar yig‘inida hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugun mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ko‘lami chegara bilmaydi. Mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallagan, o‘z yurti va xalqiga fidoyi, ajdodlarimiz boshlab bergan ishni davom ettirishga qodir bo‘lgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni yengib bo‘lmaydi.

 Bugun katta umid, orzu-maqsadlar bilan harakat qilayotgan shijoatli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash barchamizning burchimizdir.

Bu borada Amudaryo tumanida yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Hokim va yoshlar uchrashuvlari” , sayyor qabullar alohida ahamiyatga ega.

17 may kuni Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosida navbatdagi hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov hamda mutasaddi tashkilot vakillari hamda 40 dan ortiq faol yoshlar ishtirok etishdi.      

Uchrashuv davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish bugungi islohotlarning bosh mavzusi ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarning yuksak marralarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, cheksiz imkoniyatlar haqida to‘xtalib, yoshlarni o‘qib bilim olishga, shijoat bilan olg‘a intilishga hamda Vatan xizmatiga yaraydigan munosib farzand bo‘lishga da’vat qildi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yoshlardan kelib tushayotgan murojaatlar o‘tgan yilgiga qaraganda sezilarli darajada kamayganligini, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari tomonidan muammolar joyida hal qilinayotganligini ta’kidladi.

Yig‘ilish davomida tuman hokimi o‘rinbosari yoshlarga ota-bobolarimizdan kelayotgan “Uztoz-shogird” an’anasini ko‘proq davom ettirish kerakligini, yoshlarning ko‘proq xunar o‘rganishlari lozimligini va buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, bir qancha yoshlarning muammo va takliflari tinglandi.

Yoshlardan Mohira Jabbarbergenova,  Iroda Bobojanovalar imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.

Murojaatlar yuzasidan yoshlarning talablari qanoatlantirildi.

Murojaat va savollar barobarida uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi. Hokim bilan uchrashuv barcha yoshlar dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Bugun O‘zbekistonda yuksak ma’naviyatli avlod tarbiyalanmoqda. Bugungi yoshlarning ong-u shuuri, dunyoqarashi ham o‘zgargan. Yoshlarimiz orasida yangicha o‘ylaydigan, innovatsion g‘oyalarini amalga tatbiq eta oladigan kuchlar borligi bizni quvontiradi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.